Jahon | 11:56 / 19.10.2022
7446
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Janubiy Koreya bilan chegara yaqinida artilleriya mashqlari o‘tkazdi

Shimoliy Koreya Koreya Respublikasi chegaralari yaqinidagi bufer zonalarga tushgan 250 ga yaqin artilleriya snaryadlarini otdi. Seul Pxenyanni 2018 yilgi Koreyalararo kelishuvni buzganlikda aybladi.

Foto: Rodong Sinmun

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan dengiz chegaralari yaqinida 18 oktyabr oqshomida, Seul yillik harbiy mashg‘ulotlarini boshlagan kunning ertasiga 250 ga yaqin artilleriya snaryadlarini otdi. Snaryadlar otilgani haqida 19 oktyabr, chorshanba kuni Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi xabar berdi.

Koreya Respublikasi harbiylari snaryadlar Janubiy Koreyaning hududiy suvlariga tushmaganini, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan 2018 yilda Koreyalararo kelishuv asosida tashkil etilgan bufer zonalarga tekkanini xabar qildi.

Bu 2018 yildagi kelishuvlarning eng jiddiy to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishi qayd etilgan 14 oktyabrdan buyon bunday o‘qqa tutishning ikkinchi holatidir.

Janubiy Koreya harbiylari Pxenyan Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi provokatsiyalarni to‘xtatishi kerakligini aytdi. Seul o‘zining jangovar tayyorgarligini oshirayotganini va Qo‘shma Shtatlar bilan kelishilgan holda Shimoliy Koreya harakatlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Shimoliy Koreya vakili, o‘z navbatida, Janubiy Koreya harbiylarini 17 oktyabr kuni 12 kunlik dala mashg‘ulotlari boshlangani uchun tanqid qilib, bu manyovrlarni bosqinchilik uchun repetitsiya deb atadi. Janubiy Koreya mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar Shimoliy Koreyaning turli provokatsiyalariga qarshi turish uchun operativ imkoniyatlarni oshirishga qaratilganini, shuningdek, joriy yilda amerikalik askarlarning ham manyovrlarga jalb etilishini ma’lum qildi. Biroq, ularning soni ko‘rsatilmagan.

Koreya yarimorolidagi keskinlikning yangi kuchayishi fonida o‘tgan hafta Janubiy Koreya so‘nggi besh yil ichida birinchi marta Pxenyanga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Qora ro‘yxatga KXDRning Shimoliy Koreya raketa dasturiga aloqador 15 nafar fuqarosi va 16 ta muassasasi kiritilgan.

Mavzuga oid