19 oktabr Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekistondagi ijtimoiy soha obektlari va ko‘p qavatli uylarni kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 36,6 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylarda 1,3 million xonadon bor. Ularning 52 foizi (826 ming xonadon) issiqlik ta’minotiga ulangan bo‘lsa, 48 foizi yoki 474 ming xonadon markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan. Ya’ni, qo‘lbola pechlar, elektr isitish vositalari yordamida loyihasiz isitiladi.
Bundan tashqari, 20 ta issiqlik korxonalariga tegishli 578 ta qozonxonaning 80 foizi eskirgan. 4 ming kilometrlik quvurlarning 75 foizi – 3 ming kilomerti ham allaqachon ta’mirtalab holga kelgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, markazlashgan isitish tizimlari O‘zbekistonning faqat 5 ta hududida mavjud. Xususan, Navoiy va Zarafshon shaharlari (97 foiz), Toshkent shahri (89 foiz), Buxoro shahri (60 foiz), Toshkent viloyati (32 foiz) ham ta’minlangan. Boshqa viloyatlarda bu xizmat deyarli ko‘rsatilmaydi.

Tizimda quyidagi asosiy muammolar mavjud:
- 2018 yilgacha tizim modernizatsiya ishlari deyarli bajarilmagani uchun asosiy va yordamchi uskunalar eskirgan;
- avtomatik boshqaruv mavjud emas;
- havo harorati pasayganida ta’minotda uzilishlar bo‘lmoqda;
- issiqlik uchun hisob-kitoblar aholi uchun me’yorlar orqali amalga oshirilmoqda;
- issiqlik korxonalari doimiy zarar bilan ishlamoqda;
- tarif va tannarx o‘rtasidagi tafovut korxonalarning kreditor qarzdorligi oshib bormoqda;
- oylik maosh pastligi tufayli mutaxassislar tanqisligi yuzaga kelmoqda.
Shu bilan birga tizimda muayyan ishlar ham amalga oshirilgan.
Issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish yo‘lida 2018-2021 yillarda 47 ta qozonxonalar va 78 km issiqlik tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada 54 mingta xonadondan iborat 1 100 ta ko‘p kvartirali uylar va 143 ta ijtimoiy soha obektlari issiqlik energiyasi bilan ta’minlandi. Issiqlik energiyasi bilan ta’minlanganlik darajasi 4 foizga oshib, 52 foizga yetkazildi.















