O‘zbekiston | 15:39 / 23.10.2022
16321
5 daqiqa o‘qiladi

Nomsiz yoxud egizak ko‘chalar: bugungi Toshkentning yechilmayotgan azaliy muammosi haqida

Toshkent shahrida mingga yaqin nomsiz ko‘chalar borligini bilarmidingiz? Nomi bor, o‘zi esa yo‘q ko‘chalar haqida-chi? Hatto bir nom va raqamdagi ikki manzillar ham mavjudligini bilmasangiz kerak? Poytaxtda bunday holatlarning hammasidan bor va bu 21-asrdagi Toshkentga aloqador va hanuzgacha yechim topmay kelayotgan muammolardir. Kun.uz bu gal shu mavzuga e’tibor qaratadi.

Avvalroq saytimizda e’lon qilingan “Taxminlarga quril(ayot)gan Toshkent: ko‘cha nomlari va bino raqamlarini qachon oson topamiz?” sarlavhali maqolada poytaxtning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan Alisher Navoiy ko‘chasidagi binolarning raqamlanish holatlarini o‘rganib, shohko‘chaning 4 kilometrlik qismidagi 40 dan ortiq bino va inshootlarning 50 foizi ham raqamlanmagani guvohi bo‘lgan edik.

Yaqin o‘tmishga nazar tashlasak, 2020 yilning dekabr oyida Toshkent shahar hokimligi Telegram-kanalida “Siz yashaydigan ko‘chada (mavzeda) ko‘chaning yoki mavzening nomi keltirilgan ko‘rsatkich bormi?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda qatnashgan minglab poytaxtliklarning yarmi ko‘cha yorliqlari yo‘qligini ma’lum qilgan. Demak, 2 yilda ham o‘zgarish deyarli yo‘q.

Foto: Telegram / Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimiyati Raqamli rivojlanish departamentining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, o‘tgan 2 yillik davr mobaynida tashkilot xodimlari mahallalar, ko‘chalarda yurib, bunday manzilsizlik va mantiqsizliklar sabablarini o‘rganishgan.

O‘rganishlar jarayonida 1860 yildan bugungi kungacha bo‘lgan arxiv hujjatlari, turli yillardagi xaritalar, Toshkent shahrining 1978, 1992 va 2005 yillarda nashr etilgan topoplanlari va boshqa ma’lumotlar o‘rganib chiqilib, tahlildan o‘tkazilgan.

Toshkent shahrining tarixiy xaritalari / Foto: Raqamli rivojlantirish departamenti

Ko‘cha yorliqlari shunchaki raqamlanib, devorga osib qo‘yish, degani emas. Yillarki oqsoqlanayotgan bu yo‘nalishda muammolar talaygina. Aytaylik:

– geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha filologiya, geografiya, tarix va tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan ekspertlar va mutaxassislarning jalb etilmayotgani;

– yangi obektlarga nomlar o‘z vaqtida berilmasligi;

– tahlillarning yo‘qligi;

– tizimli yondashuvlarning mavjud emasligi;

– moliyalashtirishdagi muammolar;

– mas’ullarning amaldagi qonun talablariga rioya etmasligi;

– normal ma’lumotlar bazasining yo‘qligi;

– nomsiz hamda aynan bir xil nomga ega bo‘lgan obektlar mavjudligi;

– ma’lumotlarda geografik obektlar turlarining asossiz o‘zgartirilishi va ularni bir tildan boshqa tilga noto‘g‘ri tarjima qilinishi shular jumlasidandir.

Chegarasi noaniq ko‘chalar / Foto: Raqamli rivojlantirish departamenti
Chegarasi noaniq ko‘chalar / Foto: Raqamli rivojlantirish departamenti

Manzillarga javobgar tashkilotlardagi ma’lumotlar ham har xil. Misol uchun, departament taqdim etgan ma’lumotlarda keltirilishicha, poytaxtdagi tor ko‘chalar soni davlat reyestrida 2030 ta deb belgilangan bo‘lsa, bu raqamlar Davlat kadastrlari palatasining Toshkent shahar boshqarmasi hisobotlarida 2643 ta, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi ro‘yxatlarida 1867 ta. Bunday nomutanosiblik boshqa statistik ma’lumotlarda ham uchraydi. 

Tashkilotlardagi nomutanosib ma’lumotlar / Foto: Raqamli rivojlantirish departamenti

Birgina Toshkent shahrining o‘zida nomsiz ko‘chalar, ko‘chasiz nomlar, egizak nomli ko‘chalar, hatto shunchaki “Qurilish hududi” nomi bilan kadastr qilib yuborilgan manzillar bor ekan, boshqa hududlardagi ahvolni tasavvur qilavering.

“Qurilish maydoni” nomli manzil / Foto: Raqamli rivojlantirish departamenti

Yoki poytaxtda o‘rnatish uchun talab etilayotgan 12 mingdan ortiq ko‘cha yorliqlari uchun 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ kerak bo‘lsa, bu ishlar uchun ajratilgan mablag‘lar qiymatini o‘zingiz ko‘ring.

Ajratilgan mablag‘lar / Foto: Kun.uz

“Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4642-sonli prezident qarorida shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimini shakllantirishga mas’ul qilib Qurilish vazirligi hamda Davlat kadastr agentligi belgilangan.

Muammo bor, mas’ullar va mutasaddi tashkilotlar ham nomigagina mavjud. Gap mas’uliyatda. Ushbu chiqishimiz muammolarni hal etish uchun javobgar bo‘lgan mas’uliyatsiz mas’ullarni sergak torttiradi deb umid qilamiz.

Mavzuga oid