10:04 / 25.10.2022
10278

Budjetni yemirayotgan yashirin iqtisodiyot yoki eng yirik soliq to‘lovchi tarmoqlardan xavotirli signal

2022-2026 yilgi Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining 21-maqsadiga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash hisobiga yaqin besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 1,6 baravarga ortishi, 2030 yilga borib esa bu daromadlar “daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar” safiga kirish uchun yetarli bazani yaratishi ko‘zda tutilgan.

Davlat budjeti daromadlar tuzilmasida qo‘shilgan qiymat va aksiz soliqlari hissasi yuqori bo‘lib, qariyb 40 foizni tashkil qiladi. Shu sababli yirik soliq to‘lovchilar deb sanaladigan farmatsevtika, alkogol va tamaki mahsulotlari tarmoqlarida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va pirovardida, budjet daromadlarini oshirish uchun nazoratni kuchaytirish zarurati tug‘iladi.

Mana shu masalalar 19 oktyabrda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Markaziy kengashining binosida o‘tkazilgan O‘zLiDeP matbuot-klubining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.

Yig‘ilishda amaldorlar yashirin iqtisodiyotni tubdan qisqartirish, tovarlar noqonuniy aylanuvining oldini olish, ayniqsa dori vositalari, alkogol va tamaki mahsulotlari kontrabandasini bartaraf etish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shaffof raqobatni ta’minlash bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktorining maslahatchisi Muhabbat Ibrohimovaga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston farmatsevtika bozorida dori vositalarining yalpi aylanmasi 1 milliard 400 million dollarni tashkil qiladi. Ammo ularning hammasini ham sifatli preparatlar deb bo‘lmaydi. Shuningdek, bu summani farmsanoat tovar aylanmasining bor hajmi deb ham ayta olmaymiz.

“Keyingi 9 oy davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan minglab murojaatlar asosida, O‘zbekistonda 7000 nomdagi bir necha ming dona O‘zbekistonda qayd etilmagan va sifatsiz dori vositalari aniqlangan”- dedi u.

Shuningdek, Alkogol-tamaki bozorini tartibga solish va sharobchilikni rivojlantirish agentligi rahbari Komiljon Abdurahimovning so‘zlariga ko‘ra,  tamaki bozorida keyingi 2 yilda kontrabanda mahsulotlarining ulushi 4 foizdan 15 foizga yetdi. Agar o‘tgan yilda tamaki mahsulotlaridan 2 trln. so‘mdan ziyod aksiz soliqlari yig‘ilgani hisobga olinsa, tamaki mahsulotlari aylanmasidagi yashirin iqtisodiyotning ulushi o‘sib borayotgani davlat budjeti uchun nihoyatda xatarli vaziyatga aylanadi.

O‘zbekiston hududiga kontrabanda kirib kelishida asosiy mas’uliyat bojxonachilar zimmasiga tushmaydimi? Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Qosimov bu savolga shunday javob berdi:

“Jamiyatda yoki aholida kontrabanda mahsuloti bojxona postlari orqali kirib keladi, degan xato tushuncha mavjud. Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston hududiga kirib keluvchi har bir fuqaroga 10 “quti”gacha tamaki mahsuloti olib kirishga ruxsat beriladi. Bu omil ham bor. Ammo keyingi 2-3 yilda, chegara bojxona postlari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanganidan keyin, bojxona postlari orqali mahsulotlarni noqonuniy olib kirish keskin qisqardi”.

Bunday tovarlar kirib kelishining sabablaridan biri sifatida amaldor chegaraoldi hududlarining demarkatsiyasi va delimitatsiyasi yo‘qligini tilga oldi, mamlakatga olib kira olmaslikning sababi sifatida mamlakat hududiga kirib keluvchi transport vositalarini skanerlash imkoniyatiga ega ko‘zdan kechirish komplekslari o‘rnatilganligini keltirdi.

DSQ yashirin iqtisodiyot muammolarini o‘rganish bo‘limining boshlig‘i Akmal Anorqulov kontrabanda va kontrafakt mahsulotga qarshi kurashishda jamoaviy nazoratning ahamiyatini qayd etdi. U yagona soliq tizimi orqali qaytariladigan keshbek tizimi aholi uchun motivatsiya bo‘lgani va bu uslub orqali fuqarolar yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga katta hissa qo‘shganliklarini ta’kidladi.

U keltirgan axborotga ko‘ra, yil boshidan buyon 1,1 mln.dan ortiq fuqaro bir qarashda arzimas ko‘rinadigan 1 foizli tizimda jami 421 mlrd so‘m keshbek oldi.

Tadbir yakunida O‘zLiDeP deputatlari vazirliklar va idoralar vakillari bilan birgalikda, birinchi navbatda dori vositalari, alkogol va tamaki mahsulotlari kontrabandasiga qarshi kurashishda yashirin iqtisodiyotni tubdan qisqartirish, tovarlar noqonuniy aylanmasiga yo‘l qo‘ymaslik, jamoaviy nazoratni o‘rnatishga kelishib oldilar.

Top