16:49 / 25.10.2022
32273

Ramzan Qodirov Ukraina shaharlarini «yer yuzidan supurib tashlash»ga chaqirdi

Checheniston rahbari Rossiya hududlari o‘qqa tutilishiga kuchli javob qaytarilmayotganini aytib, «shaharlarni yer yuzidan supurib tashlash»ga va «maxsus amaliyot»ni urush deb atashga chaqirdi.

Foto: TASS

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z telegram-kanalida Rossiya hududlari o‘qqa tutilishiga «juda zaif javob» qaytarilayotganidan noroziligini bildirdi.

«Avval biz Ukraina hududida maxsus harbiy amaliyot o‘tkazyapmiz deb aytardik, ammo endi urush bizning hududimizda kechmoqda. Agar sizga fikrim qiziq bo‘lsa, aytishim mumkinki, men bundan juda ham noroziman», — degan u.

Qodirovning fikricha, Rossiya hududlari o‘qqa tutilishiga javoban Ukraina shaharlarini «yer yuzidan supurib tashlash» kerak.

«Biz allaqachon harbiy holat e’lon qildik. <…> Ammo ular [ukrainlar] tortinmayapti va o‘qqa tutishmoqda. <…> Menimcha, biz juda kuchsiz javob qaytaryapmiz. Agar biz tomonga, bizning hududimizga snaryad uchib kelsa, shaharlarni yo‘q qilib tashlashimiz kerak. Uzoq ufq ko‘rinishi uchun. Biz tomonga o‘q uzishni xayollariga keltirmaslik kerakligini tushunishlari uchun», — deya davom etadi Qodirov.

Uning fikricha, «shaharlarni yer yuzidan yo‘q qilish» uchun qaror qabul qilganda, G‘arb reaksiyasi to‘g‘risida qayg‘urmaslik kerak. «Bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlarning barchasi allaqachon bo‘lgan. Bundan yomonrog‘i bo‘lmaydi», — degan Checheniston rahbari.

  • Ramzan Qodirov «urush partiyasi» vakillaridan sanaladi. U Ukraina bilan mojaro keskinlashuvi tarafdori, xususan, Ukraina hududini o‘qqa tutishni kuchaytirish (yadro quroli qo‘llashgacha)ga chaqirib keladi.
  • Xususan, 10 oktyabr kuni Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga Qrim ko‘prigidagi portlashga javoban raketalar yog‘dirganida Qodirov endi «maxsus harbiy amaliyot»ning borishidan to‘la qanoat hosil qilayotganini aytgandi.
  • Shuningdek Qodirov RF mudofaa vazirligini Ukrainadagi harbiy harakatlarda yetarlicha qat’iyat ko‘rsatmaslikda ayblagandi. Oktyabr oyi boshida u Donetsk oblastidagi Liman shahri boy berilishida Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Lapinni ayblagandi. Qodirov Lapinni «iste’dodsiz» deb atagandi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top