O‘zbekiston | 08:42 / 27.10.2022
2708
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Markaziy Osiyoda oziq-ovqat tizimi to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi

Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi yillik yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan oziq-ovqat tizimlarini transformatsiyalash bo‘yicha mintaqaviy xalqaro konferensiya ochilish marosimida ishtirok etdi.

Foto: Dunyo

U kirish so‘zida koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat ta’minoti zanjirlari uzilishi bilan bog‘liq vaziyat kichik uy xo‘jaliklaridan tortib yirik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat komplekslari hamda yetkazib beruvchi korxonalargacha bo‘lgan barcha darajadagi oziq-ovqat tizimlari ahamiyati va o‘zaro bog‘liqligini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligini transformatsiyalash sharoitlarida aholi keng qatlamlarini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Muammo yechimlaridan biri sifatida mahsulot tannarxi zanjirida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni tahlil qiluvchi, jarayonlar va mahsulot tannarxi ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va iste’molchilarga ta’sirini o‘lchaydigan, narxlar va bozorga yetkazib beriladigan tovarlar hajmlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga imkon beruvchi tizimlarni joriy qilishga qaratilgan loyihalarga investitsiyani kengaytirish taklif etildi.

Barqaror oziq-ovqat tizimlarini shakllantirish maqsadida samarali investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mintaqa hukumatlari hamda xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar darajasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash uchun amaliy choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Markaziy Osiyoda oziq-ovqat tizimini jadal transformatsiyalash to‘g‘risida ahdlashuv deklaratsiyasini qabul qildi.

Mavzuga oid