19:59 / 01.11.2022
28510

IIV pasportining amal qilish muddati tugagan va tugayotgan fuqarolarni tezroq ID-karta olishga chaqirdi

Ichki ishlar vazirligi fuqarolarga murojaat bilan chiqib, amal qilish muddati o‘tib borayotgan fuqarolik pasportlarini ID-kartalarga almashtirishni kechiktirmaslikka chaqirdi. Muddati o‘tgan pasport bilan yashash ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Foto: Yuz.uz

IIV murojaatida aytilishicha, 2021 yil 1 yanvardan hozirga qadar 2 millionga yaqin fuqaroga eski namunadagi pasportlar o‘rniga ID-kartalar berilgan.

“Biometrik pasportlarning amal qilish muddatlari tugab borayotganligi sababli identifikatsiya ID-kartalariga almashtirishni tavsiya etamiz”, – deyiladi vazirlik e’lonida.

Qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga asosan, fuqarolarning pasporsiz yoki identifikatsiyalovchi ID kartasiz yoxud haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan yashashi 0,5 – 3 BHM (150 ming so‘mdan 900 ming so‘mgacha) jarimaga sabab bo‘ladi.

“Shuning uchun fuqarolardan muddati tugagan biometrik pasportlarni kechiktirmagan holda identifikatsion ID kartalarga almashtirishlarini so‘raymiz”, – deya ta’kidlagan IIV.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yil namunasidagi yashil rangli biometrik pasportlar pasportda ko‘rsatilgan amal qilish muddati yakuniga qadar haqiqiy hisoblanadi. Fuqarolar bu muddat tugamasidan avval pasportlarini ID-kartaga almashtirishlari lozim.

Shuningdek, pasportning amal qilish muddati tugamagan taqdirda ham, ixtiyoriy ravishda uni ID-kartaga almashtirish mumkin.

Kartani berganlik uchun BHMning 89 foizi (267 ming so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi.

ID-karta tegishli hujjatlar qabul qilib olingandan keyin 1 ish kuni mobaynida rasmiylashtirib beriladi.

O‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ID-karta olish uchun murojaat qilganida, 15 kun muddatda mas’ul xodim ularning yashash manziliga borgan holda kartani rasmiylashtiradi (bunda qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi).

ID-karta:

  • yangi tug‘ilgan bolaga bir yoshgacha — ikki yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
  • bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra);
  • 16 yoshdan 60 yoshgacha – 5 yil muddatga;
  • 60 yoshdan oshganlarga – 10 yil muddatga beriladi.
Top