14:56 / 01.11.2022
3717

Mask: Twitter direktorlar kengashining ishdan bo‘shatilishi - vaqtinchalik chora

Ilon Mask Twitter Inc bosh direktori lavozimini egallaydi. Biznesmen Twitter direktorlar kengashini ishdan bo‘shatdi va bu «faqat vaqtinchalik chora» ekanligini yozdi. 

Foto: Reuters

SpaceX asoschisi va Tesla bosh direktori Ilon Mask 44 milliard dollarga sotib olgan Twitter Inc kompaniyasining bosh direktori lavozimini egallashini aytdi. 31 oktyabr, dushanba kuni Mask Twitter Inc direktorlar kengashi tarqatib yuborilgani haqida AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasiga taqdim etilgan bayonotga asoslanib TESMANIAN nashri tomonidan berilgan xabarga shunday javob berdi: «Bu - vaqtinchalik chora».  

Tadbirkor darhol kompaniya safini top-menejyerlardan tozalashga kirishdi. Xususan, bosh ijrochi direktor lavozimini egallagan Parag Agraval, moliya direktori Ned Segal, shuningdek, yuridik bo‘lim boshlig‘i Vijaya Gadde ishdan bo‘shatildi. 

Reuters xabariga ko‘ra, Ilon Mask top-menejyerlarni mikrobloglar tarmog‘idagi soxta akkauntlar soni bo‘yicha uni va investorlarni chalg‘itayotganlikda ayblagan.

Avvalroq tadbirkor ijtimoiy tarmoq rahbariyati «kontentni moderatsiya qilish» bo‘yicha maxsus kengash tuzib, uning tarkibiga «nuqtayi nazari sezilarli darajada farq qiluvchi» odamlar kirishini aytgan edi. 

«Twitter turli xil qarashlarga ega kontentni boshqarish kengashini shakllantiradi. Bu kengash chaqirilgunga qadar kontent yoki akkauntni tiklash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinmaydi», - deb yozdi Mask. 

Bloomberg xabar berishicha, Twitter’ni sotib olgandan so‘ng Mask boshqa narsalar qatorida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini umrbod bloklashdan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bunday taqiq ostida 2021 yil yanvarida Kapitoliy binosida tarafdorlarining tartibsizliklaridan keyin bloklangan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ham bor. 

Mask avvalroq ijtimoiy tarmoqni pul uchun emas, balki «o‘zi sevgan insoniyatga yordam berish» maqsadida sotib olishga qaror qilgani haqida bayonot bergan edi. «Twitter’ni qo‘lga kiritishimga sabab - sivilizatsiya kelajagi uchun keng ko‘lamli fikrlarni sog‘lom tarzda, zo‘ravonlikka murojaat qilmasdan muhokama qilish mumkin bo‘lgan umumiy raqamli platformaga ega bo‘lishi muhim», dedi Mask. «Qush ozodlikka chiqarildi», deb yozgan tadbirkor ijtimoiy tarmoqni xarid qilganidan keyin. 

Mavzuga oid
Top