Sport | 21:26 / 19.11.2022
15417
3 daqiqa o‘qiladi

Qatar Ekvador futbolchilarini sotib olganmi?

Ertaga, 20 noyabr kuni Qatarda futbol bo‘yicha 22-jahon chempionati bahslari boshlanadi. Qatar milliy matbuot markazida joylashgan JCh bosh media markazida Qatar va Ekvador bosh murabbiylari ishtirokida o‘yinoldi matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qatnashgan Qatar bosh murabbiyi Feliks Sanches OAV vakillarining savollariga javob berdi.

«Biz bu o‘yinga yetib kelish uchun juda ko‘p ish qildik. Biz ham, mamlakat ham. Ertaga nimalarga qodir ekanimizni ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi. Ochilishdagi raqibimiz juda kuchli. Ekvador – yosh jamoa, ularda yangi avlod shakllana boshlagan. Biz birinchi marta mundialda o‘ynayapmiz, ular uchun esa bu birinchisi emas. Ertangi o‘yinda Ekvador favorit», dedi murabbiy.

Sanchesdan Qatar milliy jamoasi uzoq vaqt mamlakat tashqarisida mashg‘ulot o‘tkazish orqali mundialga tayyorlangani haqida ham so‘rashdi. Uning aytishicha, bu to‘g‘ri yo‘l deb topilgan va milliy jamoa futbolchilari klubidan chaqirilib, alohida shug‘ullangan: «Bizning rejamiz jahon chempionati uchun raqobatbardosh jamoa tuzish edi. Bizda tanlov imkoniyati unchalik katta emas, boridan foydalanishga majburmiz. Futbolchilarning hammasi mahalliy ligada o‘ynaydi. Ularni tayyorlash yo‘llaridan biri sifatida mundialda o‘ynaydiganlarni chempionatdan chiqarib olish degan qarorga keldik. Albatta, futbolchilarimiz Bundesliga, APL va La Ligada o‘ynasa qaniydi.

Ha, biz ko‘p vaqtimizni safarda o‘tkazishga majbur bo‘ldik, lekin bu ham yigitlarimizning irodali ekanidan dalolat. Mening o‘zim 16 yildan buyon Qatarda bo‘lsam, ertangi o‘yin butun bosib o‘tgan yo‘limning kulminatsiyasi bo‘ladi. 16 yil avval JCh ochilish o‘yinidan oldin sizlarning oldingizda gapirib o‘tirishimni tasavvur ham qilmagandim», dedi Qatar ustozi.

Internetda Qatar mundial ochilish o‘yini oldidan Ekvador futbolchilariga ular o‘yinni yutqazib berishi uchun pul taklif qilgani haqida mish-mish tarqaldi. Sanchesdan bu haqda ham so‘rashdi: «Internet juda zo‘r narsa, lekin undan to‘g‘ri foydalansangiz. Agar undan yomon maqsadda foydalansangiz, u xavfli qurol. Qatar haqida turli xil ig‘volar tarqatishmoqda, ular bo‘lmagan gap ekanini ayta olaman xolos», dedi murabbiy.

Qatar ustozi ishtirokidagi matbuot anjumani davomida qiziq voqea sodir bo‘ldi. Asli kataloniyalik bo‘lgan Sanches Kataloniya radiosi jurnalistining savoliga katalon tilida javob berdi. Tarjimon esa faqat ispanchadan tarjima qilishga moslashgani sabab murabbiydan javobni ispan tilida takrorlashni so‘radi. Anchadan buyon kataloncha gapirmaganini aytib kulgan murabbiy bajonidil ispanchada ham javobini takrorladi.

O‘tkir Jalolxonov, Qatar.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid