Jahon | 19:37 / 25.11.2022
6604
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya hukumat binolaridan Xitoy videokameralari olib tashlanadi

Hukumat ushbu videokameralardan Xitoy xavfsizlik xizmatlari josuslik maqsadida foydalanishi mumkinligidan cho‘chimoqda.

Foto: AP

Britaniya hukumati davlat idoralari binolariga Xitoyda ishlab chiqarilgan videokuzatuv kameralarini o‘rnatishni to‘xtatishni buyurdi.

Ko‘rsatma kuzatuv tizimlari bilan bog‘liq joriy va kelajakdagi xavfsizlik xatarlari tahlil qilinganidan keyin berilgan.

Gap shundaki, Britaniya hukumati tomonidan foydalaniladigan videokuzatuv kameralarining asosiy qismi Xitoyning Hikvision va Dahua kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Tahlil natijasida Buyuk Britaniyaga tahdidlar va bunday tizimlarning imkoniyatlari ortib borayotganini hisobga olgan holda, qo‘shimcha nazorat zarur degan xulosaga keldik», deyiladi Vazirlar mahkamasi a’zosi Oliver Douden tomonidan parlamentga yuborilgan yozma bayonotda.

«Vazirliklar ushbu kameralarni yangilanishini kutmasdan, hozirdanoq ularni almashtirish haqida o‘ylashi kerak», dedi u.

Bundan tashqari, 67 nafar britaniyalik qonunchilar Xitoyga tegishli ushbu kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan qurilmalarni to‘liq taqiqlashga chaqirdi.

Doudenning aytishicha, Xitoyning milliy razvedka to‘g‘risidagi qonuniga bo‘ysunadigan ushbu kompaniyalar Pekin xavfsizlik xizmatlariga ma’lumotlarni yetkazishga majbur bo‘lishi mumkin.

Biroq, Hikvision kompaniyasi bu da’volar «mutlaqo yolg‘on» ekanini aytdi.

«Hikvision foydalanuvchi ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga yetkazmaydi. Biz foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlar bazasini boshqarmaymiz yoki Buyuk Britaniyadagi bulutli bazalarni sotmaymiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid