O‘zbekiston | 09:22 / 28.11.2022
8084
4 daqiqa o‘qiladi

Birjada narxlar keskin oshishi oldini oluvchi tizim joriy etiladi

Prezidentning “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Hujjatga muvofiq:

  • tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularni bir vaqt o‘zida birja tizimida akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi joriy etiladi;
  • xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan davlat xaridlari tizimida ishtirok etish uchun majburiy tartibda ERI olish talabi bekor qilinadi;
  • tadbirkorlik sub’yektlari yuqori likvidli va monopol bo‘lmagan mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish uchun istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etiladi;
  • tadbirkorlik sub’yektlariga, o‘z xohishiga ko‘ra, birjadan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar bo‘yicha birja hisob-kitob-kliring tizimi orqali kafolatli hisob-kitob xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
  • mahsulotlarni "forvard" bitimlari asosida sotish tartibi birja savdolari orqali tuziladigan eksport-import shartnomalariga nisbatan xam qo‘llaniladi.

2022 yil 1 dekabrdan 2024 yil 1 yanvarga qadar quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi:

  • monopol korxonalar va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ustav fondi (kapitali) 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan po‘lat shar, metall list prokati, suyuq uglerod oksidi, texnik kislorod, kaustik soda, neft koksi, sintetik nafta, barda – ishlab chiqarish hajmi 100 foizi;
  • monopol bo‘lmagan va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:
  • metall list prokati va sement – ishlab chiqarish hajmi kamida 50 foizi;
  • paxtadan olingan chigit, paxta moyi (ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) va iste’mol etil spirti – ishlab chiqarish hajmi 100 foizi.

Bunda, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan ushbu tovarlari o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan hajmlardan ortgan qismi birja savdolariga qo‘yiladi.

Ichki bozorda narxlar keskin oshib ketishi va sun’iy tanqislik vujudga kelishi oldini olishni nazarda tutuvchi tizim joriy etiladi:

  • monopoliyaga qarshi organ narxlar keskin tebranishi davrida birja savdolariga majburiy qo‘yilishi kerak bo‘lgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish jadvallari xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan ishlab chiqarish hajmlari, mavjud imkoniyat va zaxiralaridan kelib chiqqan holda tasdiqlanishi ustidan nazorat olib boradi;
  • Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi o‘z axborot tizimlarini tovar-xomashyo birjalari axborot tizimlari bilan integratsiya qilib, tovarlar haqiqiy bozor narxlarini kuzatish, til biriktirish, manipulyatsiyalar va boshqa qonunchilik buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash mexanizmlarini joriy qiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid