Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida cho‘lning o‘rtasida 33 gektarlik maydonda qator o‘tovlar ko‘tarilgan. O‘tovlar ayniqsa kechqurun chiroqlar bilan sharq ertaklarini eslatib yuboradi.

Bu manzilning tashabbuskori – 51 yoshli ayol Iqlima Jo‘rayeva. G‘ijduvon farzandi ekanini faxr bilan aytadigan ayolning tabiatga, yashashga muhabbati boshqalarnikidan ancha farq qiladi.

Qahramonimiz – O‘zbekistonda ovchilik guvohnomasini olgan yagona ayol hamdir.

“Odamlarning hayoti yaxshilansin”

— 1971 yilda G‘ijduvonda tug‘ilganman. 1999 yilda turmush o‘rtog‘im vafot etib, bir o‘g‘lim bilan qoldim. Buni aytish, eshitish oson, lekin o‘zi og‘ir. Umrimni hayotga, odamlarning hayotini yaxshilashga, o‘zimdan yaxshi nom qoldirishga bag‘ishlashni istayman.

17 yoshimdan oyoq kiyim tayyorlash fabrikalarida, keyinroq ip yigiruv va to‘quv fabrikasida ishladim. Qariyb 30 yildan beri esa ko‘plab xususiy korxonalarga rahbarlik qilib kelyapman.

Tadbirkorlikni yoshligimdan boshlaganman desam ham bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘im dunyodan o‘tganidan keyin asta-sekin MChJlar ochib, 2008 yil maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konini qurganmiz. 2013 yilda “Firdavs Amon O‘ktam omadi” savdo majmuasi, 2019 yilda “Gold Opel Firdavs” MChJda 40dan ortiq sayyohga mehmonxona xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz.

Shu mehnatlarni hisobga olib tuman, viloyat, respublika darajasida turli tanlovlarda taqdirlab kelishadi. 2019 yilda respublika miqyosida "Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli" deb e’tirof etishdi. Bundan tashqari, “Turizm sohasining eng shijoatli ayoli” nominatsiyasiga ham loyiq ko‘rishdi. Yaqinda “Ishbilarmon ayol 2022” respublika bosqichida ham ishtirok etib keldim.

Cho‘ldagi oazis

— Yil boshida AQShning USAID tashkilotidan grant yutib olgandik. Bu pulga G‘ijduvonning cho‘l hududida ekoturizm yo‘nalishda ish boshladik. Cho‘lning o‘rtasidagi 33 gektar maydonda ekoturizm zonasi tashkil qilib, ot sporti, dam olish zonalari, baliqxona, tuya sutidan qimiz tayyorlash, miltiq otish sport turini yo‘lga qo‘yayapmiz. O‘zimiz ot boqib, qazilarini ham o‘zimiz tayyorlaymiz. 20ga yaqin ot va tuyalarni Navoiy viloyatidan sotib olib keltirganmiz. U yerda tuyaqush, kurka, turli xil parrandalarni boqamiz. Bu yerga kelgan turistlar o‘sha hayvonlari o‘zi ovlab, o‘zi pishirib yeydi.