Jahon | 08:03 / 07.12.2022
8947
3 daqiqa o‘qiladi

Kursk va Belgorod viloyatlarida hududiy mudofaa otryadlari tuzilyapti

Kursk viloyati gubernatori Roman Starovoyt mintaqani himoya qilish uchun xalq otryadi tuzilishi to‘g‘risida e’lon qildi. 

Foto: Vyacheslava Gladkova

«Kursk viloyati yana davlat chegaralarini himoya qilmoqda. Biz «Patriot» xalq otryadini tuzmoqdamiz. Ko‘ngillilar jiddiy saralash va jangovar tayyorgarlikdan so‘ng harbiylarga mintaqa hududini himoya qilishda yordam berishadi», - deb yozdi u Telegram'da. 

Avvalroq, Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan chegaradosh boshqa viloyati – Belgorod gubernatori hududiy mudofaa bo‘linmalari tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. 

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri ikkala viloyat ham o‘qqa tutilyapti.

Bundan oldin Rossiyaning ikki viloyatida 6 dekabr, seshanba kuni uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) tomonidan yangi hujumlar sodir etilgani xabar qilingandi. 

Kursk viloyati gubernatori Roman Starovoytning ma’lum qilishicha, dron hujumi natijasida Kursk aerodromi hududida neft saqlash tankeri yonib ketgan. U gap qaysi aerodrom haqida ketayotgani va hujum natijasida qanday zarar ko‘rilganga aniqlik kiritmagan. «Jabrlanganlar yo‘q. Yong‘in bartaraf etilmoqda. Voqea joyida barcha maxsus xizmatlar ishlamoqda», deb yozdi Starovoyt o‘zining Telegram-kanalida. 

Kursk gubernatorining so‘zlariga ko‘ra, yong‘in tufayli yaqin atrofdagi ikkita maktabda darslarni to‘xtatishga qaror qilingan. Mash Telegram-kanali yong‘in aks etgan videoni e’lon qildi, uning muallifi yong‘in Kursk aeroportida sodir bo‘lganini da’vo qilmoqda. 24 fevraldan buyon ushbu aeroport Ukrainadagi urush tufayli Federal havo transporti agentligi buyrug‘i bilan yopilgan. 

O‘z navbatida, Baza Telegram-kanali Bryansk viloyatida dronlar Rossiya va Ukraina chegarasidan 80 kilometr uzoqlikdagi «Slava» kombinatiga hujum qilgani haqida xabar berdi. Ular yonilg‘i baklaridan bir necha metr uzoqlikda qulagan, jiddiy yong‘in kelib chiqmagan. 

Bir kun avval Rossiya OAV Saratov viloyatining Engels shahridagi aerodromning uchish-qo‘nish yo‘lagiga uchuvchisiz uchoq qulagani haqida xabar bergan edi. Oqibatda ikkita Tu-95 bombardimonchi samolyotiga zarar yetgani, ikki nafar harbiy xizmatchi kasalxonaga yotqizilgani xabar qilingan. Shu bilan birga, Ryazan viloyatidagi aerodromda yonilg‘i tashuvchi avtomashinaning portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida ma’lumot keldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid