O‘zbekiston | 12:02 / 16.12.2022
4501
2 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot xodimi faoliyatiga to‘sqinlik qilganlarga javobgarlik belgilanyapti

Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar “Tibbiyot xodimi qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Amaldagi qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik, tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan. Bu kabi omillar amaliyotda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Hujjatda tibbiyot xodimi qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq holatlarda javobgarlik, mazkur ish taalluqliligi va uni ko‘rib chiqish muddatlari o‘z aksini topmoqda. 

Tibbiyot xodimi qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdori besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish belgilanmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ular kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlar oldini olish, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid