Jahon | 09:23 / 20.12.2022
3546
3 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya qul savdosidagi roli uchun rasman uzr so‘radi

Niderlandiya Yevropada o‘tmishdagi qul savdosi uchun rasman uzr so‘ragan birinchi davlat bo‘ldi. Hukumat qullik merosi haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan loyihalarga 200 million yevro ajratadi.

Foto: Reuters

Niderlandiya hukumati «insoniyatga qarshi jinoyatlar» va mamlakatning o‘tmishda qul savdosidagi roli uchun rasmiy uzr so‘radi. Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryuttening Haagadagi Milliy arxivda so‘zlagan nutqi 19 dekabr, dushanba kuni mamlakat hukumati saytida e’lon qilindi.

«Men uzoq vaqt oldin sodir bo‘lgan voqea uchun jiddiy mas’uliyatni osonlikcha o‘z zimmamizga ololmaymiz deb o‘yladim. Bu hech birimiz boshimizdan kechirmagan narsa. Uzoq vaqt davomida men Niderlandiyaning qullikdagi roli o‘tmishda qoldi deb o‘ylardim. Lekin men xato qildim», - dedi Ryutte.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «asrlar davomidagi zulm va ekspluatatsiya» bugungi kunda ham «irqchilik stereotiplarida, kamsitish shakllarida, ijtimoiy tengsizlikda» ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. «Bu stereotiplarni buzish uchun biz ham o‘tmish bilan ochiq va yuzma-yuz bo‘lishimiz kerak. To‘g‘ri, bugungi kunda yashayotgan hech kim shaxsan qullik uchun aybdor emas. Lekin golland davlati tarixda barcha ko‘rinishda qul bo‘lgan odamlar va ularning avlodlari boshiga tushgan dahshatli azoblar uchun javobgar bo‘lgan», - deya ta’kidladi bosh vazir.

«Bugun Niderlandiya hukumati nomidan golland davlatining o‘tmishdagi xatti-harakatlari uchun uzr so‘rayman: o‘tmishda qul bo‘lgan odamlardan, bu harakatlar natijasida jabrlangan butun dunyodan, shuningdek, ularning qizlaridan va o‘g‘illaridan, ularning barcha avlodlaridan», dedi Ryutte.

Niderlandiya qul savdosidagi tarixiy roli uchun uzr so‘ragan birinchi Yevropa davlatiga aylandi. Hukumat, shuningdek, qullik merosi haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun 200 million yevrolik fond tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Ryuttening uzr so‘rashi Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligining «institutsional irqchilik» haqidagi hisoboti e’lon qilinganidan keyin sodir bo‘ldi. Ushbu idoraning ba’zi xodimlari hamkasblari ularga qarshi irqchilik so‘zlarini ishlatishganini da’vo qilishgan, deb yozadi Bloomberg.

Surinam milliy tovon komissiyasi rahbari Armand Zunder qul savdosida qatnashgani uchun bosh vazir emas, balki qirol Villem-Aleksandr, Haagada emas, sobiq mustamlakalarda kechirim so‘rashi kerakligini aytdi. Yaratilgan jamg‘arma, uning so‘zlariga ko‘ra, millionlab emas, milliardlab yevro bo‘lishi kerak.

Niderlandiya Surinam, Braziliya va Karib havzasi, shuningdek, gollandlarning Ost-Hind kompaniyasi faol bo‘lgan Janubiy Afrika va Osiyoda qullikda asosiy rol o‘ynagan. XVII-XIX asrlarda golland savdogarlari Afrika va Osiyodan 600 000 dan ortiq odamni qullikka sotib yuborgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid