Urgutda bolasini kaltaklagan ayol farzandlari uchun qanchalik xavfli?
Ijtimoiy tarmoqlarda farzandini kaltaklayotgan urgutlik ayolning xatti-harakati ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz jurnalisti ayol va uning qaynonasi bilan suhbatlashdi. Onaning ruhiy holatini o‘rgangan psixolog munosabati bilan ham qiziqdi.
Holat 24 dekabr kuni bo‘lgani aytilmoqda. U farzandini uradi va Rossiya davlatiga ishlash uchun ketgan turmush o‘rtog‘iga jo‘natadi. Ushbu voqea internetda tarqalgan kuni kechasi ushbu xonadonga tuman hokimligi mutaxassislari, tibbiyot xodimlari yetib boradi.
Ayni paytda ayol va uning ikki farzandi tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Shifokorlarning aytishicha, kaltaklangan qizaloqning ahvoli yaxshi, hech qanday jarohat olmagan.
Ayol suhbat davomida turmush o‘rtog‘i bilan so‘nggi paytlarda kelishmay qolgani, uni ko‘p haqorat qilishi haqida gapirdi. O‘sha kuni ham o‘rtada og‘ir gaplar aytilgach, o‘zini to‘xtata olmay qolganini ma’lum qildi u.
“Hamma ota-ona ham farzandini urishi mumkin. Biroq men turmush o‘rtog‘imga achchiq qilib bunday qilganimdan qattiq afsusdaman. Bolalarimni jonimdan ortiq yaxshi ko‘raman. Endi erim bilan yashamagan taqdirimda ham bolalarimni olib ketaman va hech qachon ularga tazyiq o‘tkazmayman. Qattiq asabiylashdim, shu sababli o‘zimni to‘xtata olmay qoldim”, – dedi ayol.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirgisi ayolning ikkinchi turmushi bo‘lib, birinchi turmushidan farzand ko‘rmagan. Dastlab erining bir nafar farzandini tarbiyalab boshlagan. Shundan so‘ng o‘zi ham to‘rt nafar farzand ko‘rgan. U agar ajrashgan taqdirda ham nafaqat o‘z bolalari, balki o‘gay farzandi rozilik bildirsa, uni ham qaramog‘iga olmoqchiligini bildirdi. Bolalarisiz yashamoqchi emas.
Biz ayolning qaynonasi bilan ham suhbatlashdik. Onaxon kelinining ro‘zg‘ori alohida ekani, uning oila tutumidan hech qanday noroziligi yo‘qligi bildirdi. Biroq nabiralariga zug‘um o‘tkazganiga chiday olmasligini aytdi.
“Kelinimning menga hech qanday og‘irligi tegmaydi. Bolalarini urmasa, eri bilan inoq bo‘lib yashasa bo‘ldi. Ana, o‘zlari alohida ko‘chib chiqishgan, tinchgina yashashsin”, – dedi Q.Islomova.
Bolasini kaltaklagan ayol bilan suhbatlashib, uning ruhiy holatini o‘rgangan psixolog Farog‘at Shukurova ham o‘z xulosasini berdi.
“Suhbat davomida tushundimki, o‘sha kuni turmush o‘rtog‘i bilan jiddiy tortishib qolgan. Alamini yonida turgan bolasidan olgan, eriga nimanidir isbotlamoqchi bo‘lgan. Bu kuchli ruhiy holatdan kelib chiqqan. Chunki o‘sha paytdayoq afsuslana boshlaganini aytyapti. Hozir ham pushaymon. Bolalari ham undan hayiqayotgani, qo‘rqayotgani yo‘q. Ona ayni vaqtda bolalari uchun xavfli emas, deb o‘ylayman. Biroq hali butunlay ruhiy tushkunlik, hayajonlar ayolni tark etmagan. Kamida yigirma kun davomida uning yonida yaqinlari, oila a’zolari bo‘lishi, ruhshunosning daldasi ham kerak bo‘ladi”, – dedi psixolog Shukurova.
Urgut tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulshoda Nuriddinova ham ayol va bolalarining ruhiy holati, sog‘lig‘i nazoratga olinganini bildirdi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati holat yuzasidan G.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi va 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning iyun oyida Payariq tumanidagi shifoxonada xuddi shunday holat kuzatilgandi. Bemor farzandini kaltaklagan onaga keyinchalik sud hukmi o‘qilib, unga nisbatan ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
11:38 / 17.11.2024
Samarqandda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
10:53 / 16.11.2024
Hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan bolalar ota-onasidan olib qo‘yilishi mumkin
08:10 / 26.10.2024
Toshkentda 15 yoshli bolani poyezd urib ketdi
09:30 / 23.10.2024