O‘zbekiston | 15:14 / 04.01.2023
13844
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi vazir sog‘liqni saqlash tizimida 2023 yilni “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb e’lon qildi

“Ishga joylashtirish, ayniqsa hamshiralarni, roddomlardagi “suyunchi puli”, “kesarcha kesish” uchun belgilangan stavkalar, order berishdagi tanish-bilishchilik kabi illatlar mavjudligini hamma biladi”, – degan yaqinda tayinlangan vazir Amrillo Inoyatov soha vakillari bilan bo‘lgan yig‘ilishda.

Amrillo Inoyatov / Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

4 yanvar kuni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov soha vakillari ishtirokida Hay’at yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaga qarshi kurashish haqida alohida to‘xtalgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.

“Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan korrupsiya urchigan bir qator yo‘nalishlar borki, birinchi navbatda ularga barham berishimiz kerak. Xususan, ishga joylashtirish, ayniqsa hamshiralarni, roddomlardagi “suyunchi puli”, “kesarcha kesish” uchun belgilangan stavkalar, order berishdagi tanish-bilishchilik kabi illatlar mavjudligini hamma biladi. Afsuski, shu ishlarni amalga oshirayotgan ayrim nopok shaxslar tufayli butun tizim sha’niga dog‘ tushmoqda”, – degan Inoyatov.

U shuningdek, 2023 yilni tizimda “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb e’lon qilib, vazirlikning maxsus “Ishonch telefoni” tashkil etilishi va ishonch telefoni sifatida o‘zining shaxsiy raqamini kiritishini ham ta’kidlagan.

Mavzuga oid