Jahon | 22:53 / 09.01.2023
32569
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «qasos zarbasi» bilan 600 nafar ukrain harbiysi o‘ldirilganini aytdi. Bunga Z-kanallar ham ishonmadi

Yakshanbaga o‘tar kechasi Kramatorsk shahriga zarba yo‘llangan, RF mudofaa vazirligi bu zarba orqali yuzlab ukrain harbiylari o‘ldirilgani haqida xabar berdi. Ammo shaharda bo‘lib turgan jurnalistlar ko‘plab odamlar halok bo‘lganiga dalil topolmadi.

Clodagh Kilcoyne / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya mudofaa vazirligi 8 yanvarga o‘tar kechasi Donetsk oblastining Kramatorsk shahriga zarba yo‘llanishi oqibatida 600 nafar ukrain harbiylari o‘ldirilganini ma’lum qildi - Moskvada buni yangi yil kechasi Makiyivkadagi harbiylar yotoqxonasi o‘qqa tutilishiga javoban «qasos operatsiyasi» deb atashgan. Ammo G‘arb nashrlari muxbirlari Kramatorskda ukrain harbiylarining ommaviy halok bo‘lganiga dalil topa olishmagan, Kiyevda esa Rossiya mudofaa vazirligining bayonoti yolg‘on va «axboriy operatsiya» deb atalgan.

Rossiya tomoni ma’lumotini tasdiqlaydigan boshqa birorta mustaqil manba yo‘q — umuman hech qanday qurbonlar bo‘lmaganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar esa bor.

8 yanvarga o‘tar kechasi Kramatorskka zarba yo‘llangani haqida RF mudofaa vazirligidan oldinroq Ukraina hukumati xabar bergandi. Shahar meri Oleksandr Goncharenko tongda feysbukdagi sahifasida rossiyaliklar tomonidan yettita raketa uchirilgani, sakkizta ko‘p qavatli turar joy binolari hamda ikkita o‘quv binosi shikastlangani haqida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi vakillari orasida qurbonlar bo‘lmagan. U harbiylar orasidagi qurbonlar va yaralanganlar to‘g‘risida hech narsa demagan.

Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi Kramatorsk o‘qqa tutilgani haqida hisobot berib, buni «qasos operatsiyasi» deb atadi. Vazirlik buni «Kiyev rejimining 1 yanvarga o‘tar kechasi Makiyivkada rossiyalik harbiylar joylashgan binoga yo‘llagan jinoiy zarbasi»ga javob berilgani bilan izohladi.

Makiyivkadagi portlashlardan keyin Ukraina tomoni kasb-hunar maktabi binosida rossiyalik safarbar qilingan askarlardan 400 nafarga yaqini halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. Moskva 89 harbiysi o‘limini tasdiqlagan - bu RF mudofaa vazirligi butun urush davomida tan olgan bir martalik eng yirik yo‘qotish edi.

Yangi yil kechasi ukrainlar Makiyivkada rossiyalik harbiylar joylashgan binoni yer bilan yakson etgandi. Foto: Reuters

Bir hafta o‘tib Rossiya harbiylari ukrain harbiylarining Kramatorskdagi yotoqxonalariga zarbalar yo‘llangani haqida xabar berdi.

«Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining vaqtincha dislokatsiya punktlari bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari berilishi oqibatida 600 dan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchilar yo‘q qilindi», dedi yakshanba kuni RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov. Uning aytishicha, bu yotoqxonalarda jami 1300 nafardan ortiq ukrain harbiylari bo‘lishgan.

Bu ma’lumotni Ukraina tomoni tezda rad etdi, Ukraina qurolli kuchlari Sharqiy guruhi rasmiy vakili Sergey Cherevatiy buni «axboriy operatsiya» deb atab, RF armiyasi nishonni aniq olishiga shubha bildirdi.

«Bu yuqori aniqlikdagi tizimlar orqali rossiyaliklarning shaxsiy tarkib, omborlari va logistika tizimlarini yakson etayotgan Ukraina qurolli kuchlarining muvaffaqiyatli harakatlariga javoban RF mudofaa vazirligining axboriy opretsiyasidir. Ularda bunday imkoniyat yo‘q», degan Cherevatiy.

«Ko‘plab insonlar halok bo‘lganining hech qanday belgisi yo‘q»

Rossiyaliklarning Kramatorskka bergan zarbalari joyida ko‘p sonli odamlar halok bo‘lgani belgilari yo‘qligi haqida ushbu hududda ishlayotgan bir qancha xorijlik muxbirlar ham xabar qilishdi.

Kramatorsk meri feysbukdagi sahifasida zarba oqibatlari aks etgan suratlarni e’lon qildi. Foto: ALAMY

«CNN guruhi voqea ro‘y bergan guruhda ko‘p miqdorda insonlar halok bo‘lganining hech qanday izlarini ko‘rmadi. Kramatorskning o‘zida va uning atrofida, shuningdek shahar morgida ham qandaydir noodatiy faollik kuzatilmadi», deya xabar berishgan Amerika telekompaniyasi jurnalistlari.

Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotida ukrainalik harbiylar yashab kelgani aytilgan Kramatorskdagi ikki yotoqxona hududiga Reuters agentligi muxbirlari ham borishgan. «Aftidan, [binolarning] hech biriga raketa to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilmagan va hech qanday jiddiy shikastlanish bo‘lmagan. U yerda harbiylar yashaganiga oid yaqqol dalillar yo‘q edi, odamlarning tana qoldiqlari va qon izlari ham», - deya yozadi jurnalistlar.

Kramatorskda bo‘lib turgan finnlarning Yle telekanali muxbiri Antti Kuronen tvitterdagi sahifasida zarbalardan qolgan izlar va shikastlangan maktablardan birining fotosuratini namoyish etgan va shunday yozgan: «Men shu yerda turibman, shunisi g‘alatiki, bino hatto isitilmagan, mahalliy aholi vakillaridan birortasi tez yordam mashinasini ko‘rganini aytmadi».

Jurnalist aniqlik kiritib, u fotosuratda ko‘rsatgan joyda o‘tgan tunda portlash ovozlari eshitilganini aytgan. «Maktab atrofida ulkan krater yuzaga kelgan, bu zarba S-300 zenit-raketa kompleksi orqali berilgan zarba oqibati bo‘lishi mumkin. Zarba to‘g‘ridan to‘g‘ri binoga kelib urilmagan. Bu yerda tongda harbiylar bo‘lmagan, ularning so‘zlariga ko‘ra, bino bo‘sh bo‘lgan», deydi u.

Kuronen boshqa bir raketa eski garajga kelib tushganini qo‘shimcha qilgan va uning ham suratini e’lon qilgan. «Aytishim kerakki, ayni vaqtda men RF mudofaa vazirligining 600 nafardan ortiq ukrain harbiysi o‘ldirilgani haqidagi bayonotiga emas, o‘z kuzatishlarimga va Ukraina bayonotiga ko‘proq ishonaman», - deya qayd etadi jurnalist.

Rossiyalik «harbiy blogerlar» ham shubha qilmoqda

RF mudofaa vazirligi ma’lumoti to‘g‘riligiga rossiyaliklarning bir qator militar telegram-kanallari mualliflari ham ishonishmayapti.

Foto: ALeKSANDR GONChAReNKO/FACEBOOK

Jumladan, «Vagner»ga aloqadorligi aytiladigan Grey Zone kanali zaharxanda post paydo bo‘ldi. «VOZmezdiya» oqibatida PTU №47 (bu ham yotoqxona) bilan bo‘lgani kabi vayrongarchilik qayd etilmadi. Ammo burunni osiltirmaslik kerak, chunki ukrainalik natsistlarning qaror qabul qilish markazi, aftidan, garajda [raketa tushgan joy] bo‘lgan», deya kinoya qiladi kanal muallifi Kramatorskda zarba joyidan olingan fotosuratlar tahlilini qilib.

«Voyennyy osvedomitel» kanali muallifi esa (bu postni eng mashhur va milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan «Rybar» kanali o‘z sahifasiga forvard qilgan) Kramatorsk o‘qqa tutilgani haqidagi xabariga «Ko‘zbo‘yamachilik haqida gaplashamiz» ko‘rinishidagi ma’nodor sarlavha qo‘ygan.

«8 yanvarga o‘tar kechasi berilgan raketa zarbalari Kramatorskdagi 28- va 47-maktablarga kelib tushdi, bu joylarda raqib askarlari joylashgandi. Voqea joyidagi natijalardan ko‘rinib turibdiki, binolarga zarbani aniq tekkizishga muvaffaq bo‘linmagan - raketalar yoki yerga yoki qo‘shni garajga tushgan, faqat derazalarni to‘kkan va binolarning tashqi qoplamalariga zarar yetkaza olgan», degan xabar muallifi.

Kanal muallifi «binoga aniq zarba berilmagan holatda (hatto tok ham yoniqligicha qolgan), nima uchun ichkarida 600 nafar ukrain askari halok bo‘lgani haqida aytishga qaror qilishgani» tushunarsizligini aytadi. «Raqibning shaxsiy tarkibini rostakamiga yo‘q qilish o‘rniga, bu munosib javob bo‘lgan bo‘lardi, media orqali qasos olish amaliyoti o‘ylab topildi», deydi post muallifi.

Rossiyaning ukrainalik askarlar orasidagi ulkan yo‘qotish haqidagi ma’lumotini Sergey Cherevatyy Rossiya armiyasining Ukraina ixtiyoridagi yuqori aniqlikda zarba beruvchi HIMARS qurollarini yo‘q qilish haqidagi xabarlari bilan qiyoslagan. «Bu ma’lumotning aniqligi ular bizning barcha HIMARS’larimizni yo‘q qilgani haqidagi xabarlar aniqligi darajasida to‘g‘ri», degan Ukraina qurolli kuchlari rasmiysi.

Ukraina ega bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq HIMARS «yo‘q qilingan»

Bir necha kun oldin Rossiya mudofaa vazirligi frontdagi voqealar bo‘yicha har kungi hisobotida Kramatorsk atrofida go‘yoki «AQShda ishlab chiqarilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarining ikkita qurilmasi yo‘q qilingani» haqida xabar bergandi. Rossiya ma’lumotiga ko‘ra, aynan shu HIMARS lar orqali yangi yil kechasi Makiyivkadagi harbiylar joylashgan yotoqxonaga zarba berilgandi.

Ukraina AQShdan ilk HIMARS’ni qabul qilib olgan o‘tgan yil yozidan buyon Moskva doimiy ravishda ushbu qurollar yo‘q qilingani haqida ma’lumot berib keladi - lekin RF mudofaa vazirligi hisobotlari ko‘rib chiqilsa, Rossiya Kiyev qabul qilib olganidan ko‘ra ko‘proq qurollarni aniq nishonga olgan bo‘lib chiqadi.

2023 yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina AQShdan faqat 20 dona HIMARS tizimlarini olgan, RF mudofaa vazirligi esa bu vaqt ichida 35 dona shunday qurolni yo‘q qilgani haqida xabar bergan.

Amerika prezidenti ma’muriyati vakillari jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ularning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya urush davrida birorta ham HIMARS’ni yo‘q qila olmagan. Ukraina hukumati ham bu ma’lumotni tasdiqlaydi.

Mavzuga oid