1 yanvarga o‘tar kechasi Donetsk oblastining Rossiya annexiasi ostida bo‘lgan Makiyivka shahridagi 19-sonli kasb-hunar maktabi binosiga raketa zarbalari yo‘llandi. Ukraina qurolli kuchlari strategik kommunikatsiyalar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, binoga safarbar qilingan rossiyaliklar joylashgandi, zarbalar oqibatida 400 ga yaqin kishi halok bo‘lib, yana 300 kishi yaralangan.
Anneksiya qilingan «DXR» rasmiylari zarbadan keyin TASS nashriga, Makiyivka o‘qqa tutilishi oqibatida, dastlabki xabarlarga ko‘ra 15 dan ortiq kishi jarohat olganini aytishgandi.
2 yanvar kuni kunduzi Rossiya mudofaa vazirligi har kungi brifing vaqtida rossiyalik harbiy xizmatchilarning vaqtincha joylashuvi punktiga zarbalar kelganini tasdiqladi. Vazirlikka ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari «HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan oltita snaryad uchirgan». «Fugasli to‘rtta raketa portlashi oqibatida 63 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, HIMARS’ning ikkita reaktiv snaryadi urib tushirildi», deyiladi xabarda.
«Agenstvo» nashri RF mudofaa vazirligi bungacha bitta zarba oqibatida berilgan yirik yo‘qotishlarni tan olmaganiga e’tibor qaratgan; Kreml ta’siridagi «Romanov Layt» telegram-kanali yo‘qotishlar 200 kishini tashkil etishini yozgan, lekin ularning qanchasini yaradorlar, qanchasini halok bo‘lganlar tashkil etishiga aniqlik kiritmagan. Harbiy muxbir («voyenkor») Aleksandr Kots o‘z telegram-kanalida Makiyivkadagi kasb-hunar maktabi binosi o‘qqa tutilishi oqibatida yarador bo‘lganlar soni qurbon bo‘lganlar sonidan ko‘p ekanini aytgan.
«Rybar» telegram-kanali (uni RF mudofaa vazirligi matbuot xizmatining sobiq xodimi Mixail Zvinchuk ochgan) tasdiqlashicha, qurbon bo‘lganlarning barchasi safarbar qilinganlar bo‘lgan, binoda 14444-polk joylashtirilgandi, binoda jami 600 kishi bo‘lgan. «Operativnyye svodki» telegram-kanali manbalariga ko‘ra, zarbadan keyin 78 kishi halok bo‘lib, 136 kishi yaralangan. Shu telegram-kanalning yozishicha, zarbani nishonga yo‘naltirishda mahalliy aholi vakillari ishtirok etgan, ammo Rossiya tomoni ham, Ukraina tomoni ham bu haqda izoh bermagan.

Keyinroq Samara oblasti gubernatori Dmitriy Azarov Makiyivkadagi zarba bo‘yicha izoh berib, qurbonlar orasida samaraliklar borligini tasdiqladi:
«Biznikilar ham dushman zarbasi ostida qolgan. Yaradorlar bor, afsuski, qurbonlar ham. Ayni vaqtda ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda. Hozirda ko‘pchilik o‘z yaqinlari haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun tashvishlanishini tushunaman. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tekshirilmagan, feyk ma’lumotlar tarqalmoqda. <…> Mudofaa vazirligi, barcha xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibman. Yaradorlarni davolash uchun barcha zarur yordamlarni ko‘rsatamiz. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilasi bizning barcha tomonlama yordamimizga tayanishi mumkin».










