Toshkent shahrining Olmazor tumanida Keles yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish boshlandi. Grand Road Tashkent korxonasi tomonidan 103,6 mlrd so‘m evaziga amalga oshiriladigan loyiha shaharsozlik bo‘yicha blogerlarning keskin tanqidiga sabab bo‘lmoqda.

Loyihaga ko‘ra, ko‘chaning 3,1 km qismida yo‘l qatorlari soni 4 tadan, joyiga qarab 6 tadan 11 tagacha ko‘paytiriladi, avtobuslar uchun alohida qator ajratiladi, piyodalar va velosipedlar uchun yo‘laklar yaratish nazarda tutilgan. Loyiha texnik direktori Komil To‘laganov shu yerda istiqomat qiluvchi mahalla ahli bilan maslahatlashib, 11 ta svetofor bilan tartibga solinuvchi chorrahalar loyihalanayotganini aytib o‘tgan.
Toshkent shahridagi markaziy ko‘chalarni loyihalashda ishtirok etgan shaharsozlik bo‘yicha ekspert Arkadiy Gershman Keles yo‘li ko‘chasining ushbu loyihasini keskin tanqid ostiga oldi va kamchiliklarini ko‘rsatib berdi.
«Toshkent shahri yo‘llariga oid navbatdagi loyihaga qarab yig‘layapman — loyihadan loyihaga o‘sha-o‘sha xatolar takrorlanmoqda. Biz normal (yaxshi emas, normal) yo‘l qilish uchun juda ko‘p majlislarni sarfladik, o‘ylaganlarimizning katta qismi amalga ham oshdi, lekin bu odatga aylanmadi», — deb yozgan Gershman o‘z Telegram-kanalida va Keles yo‘li ko‘chasi loyihasi bilan bog‘liq asosiy xatolarni sanab o‘tgan:
1. Avtobuslar uchun ajratilgan qatorlar burilish tasmasiga borib taqalmoqda — avtobuslar chorrahalarda mashinalar oqimiga qo‘shilishga majbur bo‘ladi. Yo‘l chetidagi parkovka va yon-atrofdagi hovlilarga mashina qo‘yish muammosini ham unutmaslik kerak. Umuman, belgilar va yo‘lga A harfini chizib qo‘yish bilan vaziyat o‘nglanmaydi — bu haqda avvalroq ham aytgan edim.

2. Ko‘cha kuygan yerga aylanadi, chunki ko‘cha bo‘ylab ekilgan dov-daraxtlar o‘rniga asfalt-betondan iborat sirt qilishmoqchi. Dekorativ butalar Toshkent iqlimi uchun hayotiy zaruriyat bo‘lgan soyani bermaydi. Taqdim etilayotgan suratlarda piyodalar va velosipedchilar uchun ajratilgan joy yanada kulgili — soya bo‘lmasa esi joyida bo‘lgan odam bu yo‘llardan yurmaydi. Boz ustiga, kelgusida ham bu yerga daraxt ekib bo‘lmaydi, chunki kommunikatsiyalar trotuar ostiga ko‘chiriladi, ularning muhofaza zonasi esa daraxt ekishga izn bermaydi. Ariqlarga ham yuklama ortadi, chunki qor-yomg‘ir suvi asfalt va betonga singishga ko‘nikmagan;


















