Jahon | 20:01 / 17.01.2023
10852
1 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada yangi mudofaa vaziri tayinlandi

Germaniya kansleri Olaf Shols mamlakatning yangi mudofaa vaziri Boris Pistorius bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda davlat rahbari Twitter’da yozdi.

Foto: Reuters

Shols o‘z xabarida Pistoriusni «ajoyib siyosatchi» deb atadi.

«U tajribasi, malakasi va qat’iyatliligi, shuningdek, katta yuragi tufayli burilish davrida Bundesverga eng kerakli odamdir», deb yozdi kansler.

Pistorius Germaniya Sotsial-demokratik partiyasining a’zosi, so‘nggi o‘n yil davomida u Quyi Saksoniya federal hududining Ichki ishlar va sport vazirligini boshqargan. Bungacha siyosatchi Osnabryuk meri bo‘lgan (2006 yildan 2013 yilgacha).

Sobiq mudofaa vaziri Kristina Lambrext bir kun avval, 16 yanvar kuni rasman iste’foga chiqdi. U Ukrainaga harbiy yordam berilmagani, armiya islohotining kechikishi va Germaniya omborlarida o‘q-dorilar yo‘qligi uchun tanqid qilingan edi.

 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid