Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pokiston diniy shakkoklik bilan bog‘liq qonunlarni kuchaytirdi
Islomni yoki uning asoschisini haqorat qilish Pokistonda azaldan og‘ir jinoyat hisoblanadi, ammo endi Muhammad payg‘ambarga aloqador odamlarni haqorat qilganlar ham qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Foto: Reuters
Pokiston qonunlariga ko‘ra, Islomni yoki Muhammad payg‘ambarni haqorat qilganlar o‘lim jazosiga mahkum etilishi mumkin. Biroq, endi payg‘ambarga aloqador odamlarni haqorat qilish ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Muhammad payg‘ambarning rafiqalari, sahobalari yoki yaqin qarindoshlarini haqorat qilganlikda ayblangan shaxslar endi 10 yildan umrbod qamoq jazosigacha mahkum etilishi, shuningdek, 1 million rupiy (taxminan 4500 dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Shuningdek, diniy shakkoklikda ayblangan shaxslar garov evaziga ozod etilmaydi.
«Bu avliyo shaxslarga hurmatsizlik qilganlik uchun jazo deyarli nolga teng edi», dedi diniy siyosiy partiya a’zosi, qonunchi, qonun loyihasi muallifi Abdul Akbar Chitraliy yangi qonunga izoh berar ekan.
Spiker o‘rinbosari Zohid Akram Durroniy qonunni «tarixiy» deb atadi va uni qabul qilganlarni diniy burchni bajarganligi bilan tabrikladi.
Ammo, huquq himoyachilari diniy shakkoklik qonunlarining kuchaytirilishidan tashvishga tushishdi.
«Yangi qonunchilik juda tashvishli», dedi Sarup Ijoz, Human Righs Watch tashkilotining Osiyo bo‘yicha yuridik maslahatchisi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shakkoklikda ayblanganlar o‘zboshimcha sud qilinishi, qiynoqqa solinishi yoki g‘azablangan olomon tomonidan o‘ldirilishi mumkin. Ba’zi hollarda ayblovlar shaxsiy nizolar yoki yer uchun nizolar oqibatida kelib chiqmoqda.
Mavzuga oid
01:00 / 21.12.2025
Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon va uning rafiqasi yana 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
10:55 / 13.12.2025
Karachida hibsdagi o‘zbekistonlik: elchixona ishni nazoratga oldi
20:41 / 06.12.2025
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida aviaqatnovlar ko‘paytiriladi
12:34 / 25.11.2025