O‘zbekiston | 18:59 / 24.01.2023
13343
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan uchrashdi

Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘li Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston rahbari oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar ko‘p qirrali hamkorlikning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda qayd qilinishicha, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, o‘tgan yilda 370 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etilgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatashuvlar soni ham ko‘paygan.

Suhbat chog‘ida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlari doirasida yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ko‘ptomonlama tuzilmalar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid