Sayyohlar O‘zbekistonda qancha mablag‘ qoldirmoqda?

2017 yilda O‘zbekistonga 2,7 mln nafar turist kelgan bo‘lsa, o‘tgan 2022 yilda ularning soni 1,9 barobarga o‘sib, 5,2 mlnni tashkil qildi. Bu koronavirus pandemiyasidan chiqqan, 2021 yilda 1 mln 880 ming nafar sayoh tashrif buyurgan O‘zbekiston uchun yaxshigina ijobiy ko‘rsatkich. Qolaversa, ichki turizm ko‘rsatkichlari ham har yili yuqorilamoqda. 2022 yilda ichki sayohat qiluvchilar soni 2017 yilga nisbatan (10,5 mln nafar) 107,0 foizga o‘sib, 11,3 mln nafarni tashkil qildi. Bu yil esa xorijiy sayyohlar soni 7 mln nafarga yetishi prognoz qilinmoqda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Mablag‘lar bilan ifodalaydigan bo‘lsak, turizm xizmatlari eksporti o‘tgan yilda 1,6 mlrd dollarni tashkil etdi (2017 yilda 531 mln dollar). Sobiq turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, 2019 yilda sayyohlar O‘zbekiston shaharlarida o‘rtacha 195 dollargacha mablag‘ sarflab, 2-3 kun qolishgan bo‘lsa, 2022 yilda sayohatlar davomiyligi 4-5 kunga, sarf-xarajatlar esa 305 dollargacha oshgan.

Sayyohlar oqimi ko‘payishining asosiy sababi

O‘zbekistonga sayyohlar oqimi oshishiga asosiy sabablardan biri mamlakatga kirishdagi viza rejimi soddalashtirilishida, deyish mumkin. 2018 yildan boshlangan xorijiy davlatlar fuqarolari uchun kirish vizasi bekor bo‘lgan davlatlar soni 2022 yilga kelib 93 taga yetdi. Shuningdek, 2018 yildan boshlab 56 ta davlat fuqarolari uchun elektron kirish vizalarini berish tizimi ishga tushirildi, 47 ta davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish tartibi belgilandi. 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga respublikaga keluvchi XXR, AQSh va Vetnam fuqarolari uchun vizasiz kirish rejimi joriy qilindi.

Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda sayohat qilish oson bo‘lmagan. Kirish vizasini olish uzoq va murakkab jarayon edi. Buning ustiga sayohatchilar har kecha mehmonxonada ro‘yxatdan o‘tishlari kerak edi. Bu mamlakatni kashf qilishni istagan ko‘plab sayohatchilarni to‘xtatdi. Endi bunday emas va viza jarayoni ancha osonlashdi.