Rossiya Ukrainada katta yurish boshlashi kutilmoqda. Bu qanday bo‘lishi mumkin?
Rossiya Ukrainada yaqin haftalar ichida navbatdagi katta yurishni boshlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. So‘nggi vaqtlarda Ukraina va G‘arbdagi rasmiy shaxslar shunday ogohlantirishlar bilan chiqishdi, bunday mazmundagi xabarlar anonim manbalariga tayangan nashrlarda ham berilgan. Frontdagi voqealar rivoji qanday kechishi mumkin?
Agar Ukrainadagi rasmiylar va OAVdagi ma’lumotlarga ishonilsa, bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalish xavf ostida qolgan: Donetsk oblastining janubiy qismi, Melitopol hududi, bungacha ham shiddatli janglar kechayotgan Baxmut va Vuhledar shaharlari atrofi, shuningdek Luhansk oblastidagi Ukraina armiyasi kuzgi qarshi hujum vaqtida ozod etgan Liman shahri.
«Bosqinchilar fevralda qandaydir ramziy qadam tashlashni xohlayotgani haqida ko‘plab xabarlar mavjud. Ular o‘tgan yilgi mag‘lubiyatlari uchun javob qaytarishga harakat qilishadi. Biz buni frontning turli yo‘nalishlarida bosim kuchayganida, shuningdek axborot maydonidagi bosimda ko‘ryapmiz», degandi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
Rossiya katta hujum boshlashi haqida o‘tgan haftada Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov hamda Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Oleksiy Danilov ham ogohlantirgandi. Ular yurish 24 fevral kuni boshlanishi mumkinligini aytishgan - shu kuni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganiga bir yil to‘ladi.
Financial Times nashri esa nomini oshkor qilmaslikni so‘ragan «Ukraina armiyasi maslahatchisi»ga tayangan holda, Kiyev yurish yaqin 10 kun ichida boshlanishi mumkinligi to‘g‘risida «juda ishonchli ma’lumot» olgani haqida xabar tarqatdi.
Yurish qayerda boshlanishi mumkin?
Rossiya armiyasi bir necha yo‘nalishlarda faollashgani ham katta yurishga tayyorlanayotganining bilvosita belgisidir.
«Ukrainskaya pravda»ga bergan intervyusida Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov hozirda mamlakat sharqi va janubida Rossiyaning eng jiddiy guruhlari joylashganini aytgan.
Donetsk oblastidagi front chizig‘ida bir necha yo‘nalishda Rossiya pozitsiyalari oldinga turtib chiqqan: noyabr oyidan buyon faol harbiy harakatlar kechayotgan Vuhledar hududida; Donetsk yaqinidagi Avdiyivka shahri atrofida; Rossiya kuchlari «Vagner» yollanma jangchilari bilan qurshab olib, egallashga harakat qilayotgan Baxmut shahrida.
Bu bo‘rtiqlarning har biri shu yo‘nalishlardagi shaharlarni qurshab olish bilan yakunlanishi mumkin, ammo Rossiya qo‘shinlarining Donetsk oblastidagi harakatlari shu vaqtgacha juda sekin kechayotgandi. Bu hududlar urushga qadar yillar davomida mudofaa uchun tayyorlangan.
Boshqa tomondan Donbassning egallanishi - Rossiya rahbariyati tomonidan qo‘yilgan siyosiy vazifa va yurish aynan shu hududda boshlanishi ehtimoli ancha yuqori, bu haqda Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanov ham Washington Post gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya bor e’tiborini aynan Donetsk va Luhansk oblastlarini to‘liq egallashga qaratadi.
Ikkinchi xavfli yo‘nalish - Zaporijjya oblasti. Bu yerda front chizig‘i Fedorovka, Kamish-Zarya va Volnovaxa orqali o‘tuvchi temiryo‘l tarmog‘iga juda yaqin joylashgan. Bu liniya Ukraina janubidagi Rossiya qo‘shinlari ta’minoti uchun o‘ta muhim va front chizig‘ini shimolga surish g‘oyasi rossiyaliklar uchun juda jozibali ko‘rinishi mumkin.
Financial Times nashri ukrainalik harbiy manbaga asoslanib yozishicha, Rossiya Donetsk oblasti janubida o‘z guruhini kuchaytirib, bosib olingan Mariupol shahri atrofidagi qishloqlarga qo‘shimcha kuchlar joylashtirmoqda.
Luhansk oblasti g‘arbidagi Kreminna shahri atrofida ham tahdidli vaziyat yuzaga kelgan - yaqingacha bu shahar Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi uchun asosiy nishon bo‘lib turgandi, ammo bu shaharni qaytarib olishning imkoni bo‘lmadi. Hozir bu hududda janglar ketmoqda va Rossiya qo‘shini ukrainlar kuzda ozod etgan Liman shahri tomonga yurish boshlashi mumkinligini istisno etib bo‘lmaydi.
«Bu hafta Rossiya bosqinchi qo‘shinlari barcha kuchlarini Baxmut atrofidagi mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish uchun tashladi, shuningdek, Liman yo‘nalishida kuchli hujum boshlandi», degan Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar.
Shuningdek, Belarus tomondan Ukraina poytaxtiga va Rossiyaning Bryansk, Kursk va Belgorod oblastlaridan davlat chegarasi orqali bostirib kirish yo‘nalishlari ham mavjud, lekin umumiy baholarga ko‘ra, buning ehtimoli ancha kam. Chegara bo‘yidagi aholi yashash manzillari vaqti-vaqti bilan o‘qqa tutib turiladi, ammo hozircha bu hududda Rossiya armiyasining faolligi past darajada qolmoqda.
Yurishga qanday tayyorgarlik ko‘riladi?
Hujum qilish himoyalanishdan ko‘ra qiyinroq. Hujumga tayyorgarlik ko‘rishda har qanday armiya shtabi ancha murakkab vazifalarga duch keladi. Bir tomondan zarba berish uchun kuch to‘plash kerak, chunki son jihatdan ustunlik - muvaffaqiyat uchun muhim omildir. Boshqa tomondan - buni shunday qilish kerakki, raqib zaxira kuchlarini olib kelishga ulgurmasligi va hujum tuzoqqa tushish bilan yakunlanmasligi kerak.
Shu bilan birga nafaqat bostirib boruvchi kuchlarni yig‘ish, balki boshqa tayyorgarlik ishlarini ham amalga oshirish talab etiladi: yonilg‘i va o‘q-dori zaxiralari g‘amlanishi, dala hospitallari tashkil etilishi kerak.
Zamonaviy urushlar sharoitida buni maxfiy ravishda qilishning imkoni yo‘q - ikki tomon ham dronlar, radarlar, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va boshqa razvedka vositalaridan faol foydalanadi, bular esa hujum qiluvchi guruhni joylashtirish vaqtidayoq aniqlash imkonini beradi.
Maxfiy joylashtirish orqali qo‘qqisdan hujum qilib, raqibni dog‘da qoldirish mumkin bo‘ladi. Rossiya armiyasi 2021 yilda Belarusda o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ham shunday usulni qo‘llab ko‘rgan. Lekin bunda barchasi ko‘lamga bog‘liq bo‘ladi - hatto front chizig‘idan ancha ichkarida ham yirik guruhni maxfiy joylashtirish qiyinchilik tug‘diradi.
Ukraina qurolli kuchlari avgust oyi oxirida qarshi hujum boshlashdan oldin hujum qiluvchi guruhlarni maxfiy joylashtirishni uddalagandi, ammo bu yurish u qadar katta ko‘lamda emasdi.
Yurish qilayotgan kuchlarga ustunlik beradigan yana bir jihat - chalg‘ituvchi zarbalar berib, raqibni zaxira kuchlarini turli nuqtalarga bo‘lib yuborishga majbur qilishdir.
Yurish qilayotgan tomonning yo‘qotishlari himoyalanuvchi tomonning yo‘qotishlariga nisbatan 3 ga 1 nisbatda bo‘lishi normal holat hisoblanadi. Shunga ko‘ra, zarbdor guruh son jihatdan uch barobar ustun bo‘lishi, shu bilan birga mudofaalanuvchilarga qo‘shimcha kuchlar yetib kelishining oldini olishi ham muhimdir.
Yoz oxirida Ukraina qurolli kuchlari avvaliga Xerson yo‘nalishida faol harakat qilib, Rossiya qo‘mondonligi e’tiborini o‘ziga qaratgan va keyin butunlay boshqa joyda - Xarkiv oblastida zarba bergan, asosiy harbiy harakatlar Donetsk oblastiga ko‘chganida, keyin yana Xerson atrofida hujumga o‘tgandi.
Bir necha yo‘nalishda alomatlari kuzatilgani Rossiya tomonidan yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan darak beradi.
Bu qanday xarakterga ega bo‘lishini baholash yanada qiyin. Agar Rossiya front chizig‘ini yorib o‘tib, ancha ichkaridagi Ukraina qurolli kuchlari guruhlarini o‘rab olishni maqsad qilgan bo‘lsa, buni faqat kuchlar nisbatidagi bir necha barobar ustunlik bilan amalga oshirish mumkin.
Nazariy jihatdan Rossiya armiyasi buncha kuchni bir joyga yig‘a oladi, ammo bunday yorib o‘tish muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun yurish maksimal darajada maxfiy olib borilishi kerak, lekin hozirgi razvedka darajasi hisobga olinsa, bu deyarli imkonsiz ishdir.
Boshqa variant - muayyan uchastkada yoki birdaniga bir necha uchastkada qo‘shinlarni kuchaytirish hisobiga asta-sekin oldinga harakatlanish taktikasi davom ettirilishi. Bunday vaziyatda Rossiya jonli kuch, zirhli texnika, aviatsiya va artilleriya borasidagi umumiy ustunligidan foydalanishi mumkin. Ammo sekin harakatlanish Ukrainaga zaxira to‘plash va bosimni to‘xtatib turish imkonini berishi mumkin.
Qachon?
Ko‘pchilik Rossiya yangi hujumni boshlashi mumkinligidan xavotirlanayotgan ramziy 24 fevral sanasidan tashqari, Rossiya Bosh shtabini hujumni rejalashtirishga undashi mumkin bo‘lgan yana ikki holat bor. Bu ob-havo va Ukrainaga yetkazib berilishi boshlanadigan G‘arb qurollari.
So‘nggi haftalarda Ukrainaga harbiy yordam dasturida haqiqiy ko‘tarilish bo‘ldi - Ukrainaga asosiy jangovar tanklar, og‘ir jangovar piyodalar mashinalari, artilleriya tizimlari, yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar, zenit-raketa majmualari va boshqa ko‘plab qurollar.
G‘arb va’da qilingan qurollarning ayrimlari Ukrainaga tezroq yetib kelsa, ayrimlari - sekinroq. Yetkazib berish jarayoni bir necha oyga cho‘zilishi mumkin. Ammo Leopard 2 tanklarining birinchisi Ukrainaga o‘tgan shanba kuni olib kelingani ma’lum. Shu kuni Britaniya armiyasi Challenger 2 tanklarining ukrain ekipaji mashinani jang maydonida qo‘llashni o‘rganishga kirishgani haqida xabar berdi.
Yaqin vaqtlar ichida Ukraina qurolli kuchlari yangi texnikalarni qabul qilishni boshlaydi va ularning kichik miqdori ham Ukraina armiyasini kuchaytiradi.
Vaqt Rossiyaga ham yordam beradi - vaqt ularga kuzda safarbar etilganlarni imkon qadar yaxshiroq tayyorlash uchun kerak. Hozirda, Kirill Budanovning hisoblariga ko‘ra, Rossiya frontda 326 mingga yaqin harbiyga ega.
Ukrainalik harbiy maslahatchi anonimlik sharti bilan Financial Times uchun bergan intervyusida rossiyaliklarning yurishiga katta ehtimol bilan saralangan bo‘linmalar boshchilik qilishini aytib o‘tgan. «Bu haqiqiy mexanizatsiyalashgan brigadalar, hatto urush boshidagi kabi jangovar holatda bo‘lmasa ham. Ular havo-desant qo‘shinlari bo‘linmalari va dengiz piyodalari kuchaytirilgan. Bular avtobus haydovchisi yoki o‘qituvchilar emas», deya uning so‘zlarini keltirgan gazeta.
Va nihoyat, ob-havo omili. Aprelda loygarchilik boshlanadi, bu esa yo‘lsiz hududlarda yengil gusenitsali texnikalar harakatlanishini ham qiyinlashtiradi. Rossiya armiyasi bosqin boshida ham bunday muammo bilan to‘qnashgandi. Shu tufayli yurish boshlash uchun «meteorologik oyna» kun sayin kichrayib bormoqda.
Tavsiya etamiz
Boylar davrasi: dunyo milliarderlari Tramp inauguratsiyasida yig‘ildi
Jahon | 22:19 / 21.01.2025
Qo‘li kesilgan 2 oylik chaqaloq: uning yaqinlari shifokorlardan norozi
Jamiyat | 14:20 / 21.01.2025
100 dollarlik banknotaning eskisidan voz kechilyaptimi?
Iqtisodiyot | 11:05 / 21.01.2025
APLdagi ilk o‘zbek. Husanovning transferi haqida asosiy gaplar
Sport | 09:16 / 21.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
BMT bosh kotibi 2025 yildagi asosiy tahdidlarni sanadi
Jahon | 21:11 / 22.01.2025
-
Chexiyada rossiyaliklarga fuqarolik berishni taqiqlovchi qonun ma’qullandi
Jahon | 23:41 / 22.01.2025
-
AQSh janubida qor bo‘ronlari sabab birinchi marta favqulodda holat e’lon qilindi
Jahon | 23:19 / 22.01.2025
-
"Husanov tezroq ingliz tilini o‘rganishiga umid qilaman. Uning jismoniy ko‘rsatkichlari ajoyib" – Gvardiola Abduqodir Husanov haqida
Sport | 23:12 / 22.01.2025
Mavzuga oid
23:00 / 22.01.2025
Davos forumi: dunyo siyosatchilari nimalarni gapirmoqda?
21:40 / 22.01.2025
Tramp Putinni Ukrainadagi urushni to‘xtatishga chaqirdi
21:10 / 22.01.2025
KXDR Rossiya-Ukraina urushiga qo‘shimcha kuchlar yuborishni rejalashtirmoqda – Pentagon
16:57 / 22.01.2025