18:30 / 15.02.2023
52028

Bo‘stonliqda 4 erkak bir ayolni kaltaklab, zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda

39 yoshli ayolning aytishicha, dekabr oyi oxirida o‘z hovlisida kaltaklanib, bolalari oldida zo‘rlab ketilgan. 25–27 yosh oralig‘idagi 4 nafar erkak gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingan. Ular – jabrlanuvchining qo‘shnisi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi 39 yoshli ayolni o‘z hovlisida 4 erkak kaltaklab, zo‘rlagani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Bosh prokuratura munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 28 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi 39 yoshli ayol zo‘rlangani holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 118- (Nomusga tegish) va 119-modda (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)lari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Jinoyat ishi doirasida 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi prokuratura axborotida.

Toshkent viloyati IIBBga ko‘ra, 4 nafar gumondor – 25-27 yoshda. Holat yuzasidan 10 ga yaqin sud tibbiy va boshqa turdagi ekspertizalar tayinlangan. Tergov davom etmoqda.

Prokuratura va ichki ishlar bergan rasmiy xabarlarda gumondorlar qachon ushlanganiga aniqlik kiritilmagan.

Jabrlanuvchining bloger Aqida Hanumga aytishicha, mahalladagi qo‘shnilari bo‘lgan 4 nafar erkak tungi soat 3larda jabrlanuvchining uyiga bostirib kirgan. Ayolni kaltaklab, farzandlari ko‘z oldida zo‘rlagan.

Jabrlanuvchi o‘z hovlisida yashashi, uyining darvozasi borligi, shunga qaramay uyiga bostirib kirishganini ta’kidladi. Ayol bolalari bilan yolg‘iz yashaydi. Turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlashga ketgan bo‘lgan. Qaynota qaynonasi o‘tib ketishgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i voqeadan xabar topgach, O‘zbekistonga qaytgan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, ish tergovga oshgandan keyin zo‘rlashda ayblanayotgan 4 erkakdan birining ota-onasi kelib jazoni yengillatishini iltimos qilishgan.

Holatga Oila va xotin qizlar qo‘mitasi ham munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, jabrlanuvchi 28 dekabrning o‘zida tuman tibbiyot shifoxonasiga yotqizilgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, holat bo‘yicha “Chinboyliq” MFY xotin-qizlar faoli, tuman xotin-qizlar masalalari mutasaddilari tomonidan psixologik yordam ko‘rsatilgan.

Top