O‘zbekiston | 21:44 / 16.02.2023
17094
2 daqiqa o‘qiladi

Tojik kavragini himoya qilish choralari ko‘riladi – prezident topshirig‘i 

Yaylovlarni muhofaza qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident tomonidan bir qancha topshiriq berildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

Unda qayd etilishicha, O‘zbekistonda 21 million gektardan ziyod yaylovlar mavjud bo‘lib, ular chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik kabi ko‘plab tarmoqlar uchun muhim manba. Lekin ulardan foydalanishga oid hozirgi tartib yaylovlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va mahsulot yetishtirishni cheklamoqda. 

Shu bois, yangi tahrirda «Yaylovlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini hamda yaylov maydonlarini ijaraga berish tartibini ishlab chiqish taklif etildi. 

Yangi qonun ko‘plab iqtisodiy loyihalarga yo‘l ochishi mumkin. Xususan, Ispaniya va Portugaliyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 7 million 800 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘lari evaziga 4 ta loyiha shakllantirilgan. 

Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar, Chorva hayvonlari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil etish, mayda shoxli mollarni raqamli identifikatsiya qilish shular jumlasidandir.

Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan 500 gektar yaylovda quyoshdan muqobil energiya olish orqali quduqlardan suv chiqarish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. 

Yig‘ilishda Qizil kitobga kiritilgan tojik kavragini himoya qilish choralari ham muhokama etildi. 

Qayd etilishicha, ko‘p joylarda uning tabiiy ko‘payishi va qayta tiklanishiga zarar yetkazilmoqda. 2019 yilda tabiiy kavrak maydonlari 33 ming gektar bo‘lgan, 2021 yilga kelib qariyb yarmiga kamaygan. 

Shu bois kavrakning har bir tupiga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdorini oshirish, undan foydalanishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilish taklif etildi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid