Jahon | 12:47 / 18.02.2023
9538
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi tajovuz bo‘yicha tergov qachon boshlanishini ma’lum qildi

Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatini tergov qilish xalqaro markazi iyul oyida bo‘lajak sud jarayonlari uchun dalillar to‘plashni boshlaydi. Maxsus tribunal uchun yurisdiksiya izlash davom etmoqda, deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqi vakili.

Foto: Euronews

Haagada Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatini tergov qilish xalqaro markazi iyul oyida ish boshlaydi. Bu haqda 17 fevral, juma kuni Bryusselda Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida adliya bo‘yicha Yevropa komissari Dide Reynders ma’lum qildi. «Joriy yilning iyul oyida markaz to‘liq ishga tushadi», deb va’da berdi Reynders.

Yevrokomissarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markaz Yevropa Ittifoqiga a’zo olti davlat va Ukraina tomonidan tuzilgan qo‘shma tergov guruhiga biriktiriladi hamda Xalqaro jinoiy sud bilan yaqin hamkorlik qiladi. «Dalillarni to‘plash va kelajakdagi sud jarayonlari uchun saqlash kerak», dedi Reynders. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Kostin bilan jinoyatni tergov qilish va maxsus tribunalning navbatdagi qadamlari haqida gaplashgan. «Uning uchun yurisdiksiyani topish muhim», deb ta’kidladi Yevropa komissari va bu jarayon bosqichma-bosqich davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida, Kostin hozirda tajovuz jinoyati uchun aybdorlarni jazolashning samarali huquqiy mexanizmi yo‘qligini eslatdi. Uning nuqtayi nazariga ko‘ra, BMTda Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzini qoralagan davlatlar bunday mexanizm yaratilishi uchun keyingi qadamni tashlashi kerak.

Boshqa harbiy jinoyatlar bo‘yicha 67 mingta ish allaqachon hujjatlashtirilgan, dedi Kostin. «Ukrainada 99 foiz holatda ishlar tergov qilinadi va jinoiy javobgarlik belgilanadi», dedi u va 25 ta hukm chiqarilgani, biroq to‘liq adolatga erishish uchun qo‘shimcha huquqiy mexanizmlar zarurligini qo‘shimcha qildi. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi jarayonida sodir etilgan genotsid, urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortadigan maxsus tribunalni hamda Xalqaro jinoiy sudni misol sifatida keltirdi.

«Ushbu jinoyatlarning barcha aybdorlari umrining oxirigacha tribunalga tortilish xavfi borligiga ishonch hosil qilishlari kerak», dedi Reynders.

Shuningdek, u YeI allaqachon sanksiyalar ro‘yxatidagi rossiyalik oligarxlar va tashkilotlarning 21,5 milliard yevrolik aktivlarini muzlatib qo‘yganini aytdi. Rossiya Ukrainani qayta tiklash uchun pul to‘lashi va yetkazilgan zararni qoplashi kerak, dedi Yevropa komissari Ukrainaga yetkazilgan zararlar reyestri bo‘yicha ishlar davom etayotganini eslatib.

Andrey Kostinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni qoplashning eng adolatli usuli bu Rossiyaning suveren aktivlaridan foydalanishdir, chunki bu huquqbuzarliklarni Rossiya davlati sodir etgan. Gap nafaqat YeIda, balki G7 mamlakatlarida ham muzlatilgan Rossiya Markaziy bankining 300 milliard aktivlari haqida bormoqda. Ushbu aktivlarni musodara qilishning huquqiy mexanizmlari mavjud emas, chunki ular suveren immunitetga ega, ammo Yevropa Ittifoqi ushbu aktivlarni boshqarishga fond yaratishni va olingan foizlarni Ukrainani tiklashga o‘tkazishni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid