Jahon | 11:15 / 21.02.2023
7956
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya Rossiyani diversiyaga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi

Niderlandiyaning MIVD harbiy razvedka xizmati rahbari Shimoliy dengizdagi Niderlandiya energetika infratuzilmasi to‘g‘risida ma’lumot to‘plagani taxmin qilingan Rossiya kemasi haqida axborot berdi.

Foto: AP

Rossiya diversiya sodir etish uchun Niderlandiyaning energetika tizimi haqidagi ma’lumotlarni yashirin ravishda to‘plagan. Bu haqda 20 fevral, dushanba kuni Haagadagi Qirollikning Harbiy razvedka va xavfsizlik xizmati (MIVD) ma’lum qildi.

Niderlandiya razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bir necha oy oldin Shimoliy dengizda shamol generatorlari parklari haqida ma’lumot yig‘gan Rossiya kemasi payqalgan. MIVD boshlig‘i Yan Svillensning so‘zlariga ko‘ra, kemaning harakatlari «zarar va diversiyaga tayyorgarlik» edi. Sohil xavfsizlik xizmati va Niderlandiya harbiy-dengiz kuchlari ayg‘oqchi kemani o‘z vaqtida topib, uni burilishga majbur qildi, dedi u.

Svillensning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hali ham Shimoliy dengizdagi infratuzilmaga oid ma’lumotlarga «juda qiziqish bildirmoqda». Xususan, gap dengiz osti bo‘ylab yotqizilgan internet kabellari va gaz quvurlari haqida bormoqda. «Bu Niderlandiyaga tahdid ko‘pchilik o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq ekanligini aniq ko‘rsatmoqda», dedi qirollik harbiy razvedkasi rahbari.

Mavzuga oid