18:01 / 24.03.2023
35477

Ulug‘bek Ro‘ziqulov «O‘zavtosanoat» rahbarligiga qaytdi

U 2015-2017 yillarda ham «O‘zavtosanoat»ga rahbarlik qilgandi.

Sobiq bosh vazir o‘rinbosari, muqaddam «O‘zavtosanoat»​ va «O‘zbekiston havo yo‘llari»​ni boshqargan Ulug‘bek Ro‘ziqulov yana «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi. Kompaniya sayti rahbariyatida aynan u yangi rais sifatida ko‘rsatilgan.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov (1969 yilda tug‘ilgan) Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti bitiruvchisi, Rossiya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti aspiranturasini tamomlagan, iqtisod fanlari nomzodi hisoblanadi.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov muqaddam Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda ishlagan, 2015 yildan 2017 yilga qadar bosh vazir o‘rinbosari — «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2017 yil avgustida bu lavozimdan ozod etilgan, ko‘p o‘tmay «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasiga rahbar etib tayinlangandi.

2018 yil yanvarida Qozog‘iston hududida O‘zbekiston fuqarolari ketayotgan avtobus yonib ketishi ortidan aviakompaniya rahbarligidan olingandi.

  • 2018 yil 18 yanvarida Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti hududida avtobusda yong‘in chiqishi oqibatida Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan 52 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi. O‘shanda aviachiptalar qimmatligi ham ushbu fojia sabablaridan biri sifatida ko‘rilgandi. Natijada aviachiptalar narxini arzonlashtirish bo‘yicha hukumat qarori chiqariladi.

Shundan so‘ng, 2018 yildan buyon O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchisi (2019 yil oktyabridan Vetnamda ham) sifatida ishlab kelayotgandi.

Bundan oldinroq «O‘zavtosanoat»ga 2018 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Shavkat Umrzoqov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Top