22:56 / 04.04.2023
22505

2022 yilda mingdan ortiq rossiyalik O‘zbekistonda soliq rezidenti bo‘ldi 

Bu 2021 yilga nisbatan 32 foizga ko‘p. 

Foto: Reuters

2022 yilda O‘zbekistonda soliq rezidenti maqomini olgan rossiyaliklar soni o‘tgan davrga nisbatan 32 foizga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi TASS agentligiga ma’lum qildi. 

«2022 yilda Rossiya Federatsiyasining 1199 nafar fuqarosi O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti maqomini oldi, ulardan 1108 tasi yuridik (92 foiz), 91 nafari jismoniy shaxs (8 foiz). 2021 yilga nisbatan (802 ta yuridik, 108 nafar jismoniy shaxs) bu 32 foizga (289 ta) ko‘pdir», deyiladi xabarda. 

Rezident maqomi bir yilga beriladi. Uni olish uchun soliq qo‘mitasiga ariza topshirish, shuningdek, O‘zbekiston hududida yiliga kamida 183 kun yoki shu muddatga boshqa har qanday davlatga qaraganda ko‘proq istiqomat qilish kerak. 

Statistika agentligi xabariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonga doimiy yashash uchun 813 nafar Rossiya fuqarosi ko‘chib kelgan, bu respublikaga ko‘chib kelgan xorijliklar umumiy sonining 35 foizini tashkil etadi. 

2022 yil oktabr oyida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi yanvar-sentabr oylarida mamlakatga jami 318 156 nafar rossiyalik kelgani, shulardan 210 902 nafari erkaklar va 107 254 nafari ayollar bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiyaliklarning O‘zbekistonga eng katta oqimi iyul-sentabr oylarida qayd etilgan - 189 175 kishi. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, ayni davrda 18 nafar rossiyalik O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilgan.

Mavzuga oid
Top