Jahon | 09:05 / 06.04.2023
10389
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha vaziri Ukraina g‘allasi tufayli iste’foga chiqdi

Polsha qishloq xo‘jaligi vaziri fermerlarning ommaviy noroziliklari va Yevrokomissiyaning Ukraina g‘allasini Yevropa Ittifoqiga bojsiz olib kirishni 2024 yil iyunigacha uzaytirish qarori tufayli iste’foga chiqdi.

Xenrik Kovalchik / Foto: AP

Polsha qishloq xo‘jaligi vaziri Xenrik Kovalchik 5 aprel, chorshanba kuni dehqonlarning Ukrainadan g‘alla yetkazib berilishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari fonida iste’foga chiqishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Yevrokomissiyaning Ukraina g‘allasini bojsiz olib kirishni 2024 yilning iyunigacha uzaytirish to‘g‘risidagi qarori tufayli bu lavozimni tark etmoqda, deb xabar berdi Reuters.

Bojlarni joriy etishni polshalik fermerlar talab qilishdi. Ular hatto talablari bajarilmasa, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning 5 aprel kuni Varshavaga tashrifini buzish bilan tahdid qilishgan. Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy avvalroq Zelenskiy bilan muhokama qilinadigan mavzulardan biri Ukrainadan g‘alla importining ta’siri bo‘lishini, u Yevropa Ittifoqi sharqidagi bir qancha mamlakatlarda narxlarning pasayishiga va qishloqlarda keskinlikni kuchaytirganini aytdi.

Avvalroq Polsha, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya va Vengriya hukumatlari rahbarlari Yevropa Ittifoqiga Ukraina oziq-ovqat mahsulotlari: don, yog‘ o‘simliklari, tuxum, parranda go‘shti va shakar miqdorini cheklash iltimosi bilan Yevropa komissiyasiga murojaat qilgan edi.

Ukrainaning an’anaviy eksport yo‘llari Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanishidan beri to‘sib qo‘yilgan. Polsha va Sharqiy Yevropaning boshqa davlatlari Ukraina g‘allasini uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib o‘tishda yordam berishni taklif qilishdi. Bundan tashqari, YeI o‘z tashishlarini osonlashtirish uchun bojxona to‘lovlari va import kvotalarini bekor etdi. Biroq logistika muammolari tufayli mintaqada g‘alla yig‘ilib, mahalliy bozorlarda narxlarning arzonlashishiga olib keldi.

Mavzuga oid