O‘zbekiston | 00:16 / 07.04.2023
84335
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Sergelida yuz bergan fojia yuzasidan murojaat qildi

Toshkent shahrining Sergeli tumanida ayol kishi uch nafar farzandini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilgani holati bo‘yicha bosh prokuratura murojaat qildi.

Foto: Kun.uz

Sergeli tumanida ayol kishi uch nafar farzandini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilgani holati yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Shu bilan birga, Bosh prokuratura tergovning obektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit bermaslikka chaqirdi.

«Hozirgi kunda sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq  holatlar yuzasidan turli ijtimoiy tarmoqlarda surishtiruvlar o‘tkazilib, vafot etgan shaxs hamda uning yaqin qarindoshlarining shaxsiy hayoti, sha’niga doir ma’lumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatilmoqda. Ushbu ma’lumotlar tergovning obektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit qilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib o‘tamiz», deyiladi murojaatda.

Bosh prokuratura OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tergov tugaguniga qadar fojiaga oid ma’lumotlarni tarqatmaslik va fuqarolar shaxsiy hayotini muhokama qilmaslikka chaqirdi.

Tergov natijasi haqida qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinishi aytildi.

Mavzuga oid