Jahon | 12:16 / 07.04.2023
4987
2 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Ukraina bo‘yicha ukrainaliklarning ishtirokisiz muzokara o‘tkazilmaydi

Oq uyning fikricha, faqat Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyormi yoki yo‘qligini hal qilish huquqiga ega. Bu haqda Vashingtondagi brifingda AQSh prezidenti ma’muriyati Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi. 

Jon Kirbi / Foto: Getty Images

«Biz Ukrainasiz Ukraina bo‘yicha muzokaralar olib borilmasligiga ishonamiz», — deya ta’kidladi u OAVning Kiyev ma’lum shartlar ostida Rossiya bilan Qrim bo‘yicha muzokaralar olib borishga tayyorligi haqidagi xabarlariga javob berib. 

Avvalroq Ukraina prezidenti devoni rahbarining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Andrey Sibiga Britaniyaning Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Rossiya bilan annexia qilingan Qrimning kelajagi bo‘yicha Ukraina Qurolli kuchlarining muvaffaqiyatli qarshi hujumidan so‘ng muzokaralar olib borish imkoniyatini tan olgandi. 

Keyinroq Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov bu kabi masalalarda faqat Ukraina prezidenti bayonotlariga e’tibor qaratishni tavsiya qildi. 

Bundan oldin AQShning Yevropadagi sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Xodjyes Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim Ukrainaning qarshi hujumi uchun «hal qiluvchi hudud» ekanini aytgandi

Agar Qrim ozod etilsa, hammasi o‘zgaradi, dedi Xodjyes. Uning fikricha, Ukraina kuchlarining bo‘lajak operatsiyasi yarimorolni, keyinroq esa Donbassni ozod qilishga qaratilgan bo‘ladi.

Hozir Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda va bo‘lajak operatsiya haqidagi ma’lumotlarni har tomonlama himoya qilmoqda. Qarama-qarshi hujumning muvaffaqiyati Rossiya harbiy qismlariga «falokatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi Xodjyes.

Mavzuga oid