Jahon | 08:07 / 17.04.2023
3051
2 daqiqa o‘qiladi

Kristof Hoysgen: G‘arb Ukrainaga yordam berish uchun hamma narsani qilishi kerak

G‘arb davlatlarining Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash masalasida qat’iyatsizligi jang maydonini boshi berk ko‘chaga olib keladi, deb hisoblaydi Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari.

Foto: MSC

Myunxen Xavfsizlik konferensiyasi raisi Kristof Hoysgen G‘arbni Ukrainaga Rossiya agressiyasini qaytarish uchun ko‘proq yordam berishga chaqirdi. 16 aprel, yakshanba kuni Tagesspiegel gazetasi uchun maqolasida Angela Merkelning tashqi siyosat bo‘yicha sobiq maslahatchisi shunday deb yozgan: «Davlatlarning qo‘llab-quvvatlash haqidagi bayonoti yetarli emas, sababi harakatlar hali so‘zlarga to‘g‘ri kelmadi».

«Hozirgi bosqichma-bosqich va qat’iy bo‘lmagan harbiy yordam darajasi jang maydonida faqat boshi berk ko‘chaga olib keladi», - deya ogohlantirdi Hoysgen. U ushbu maqolani AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiyadan bo‘lgan yana to‘rt nafar xavfsizlik siyosati bo‘yicha maslahatchi bilan birga yozgan.

Matnda aytilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yili Ukrainaga bostirib kirishni boshlaganida urushning barcha jihatlarini noto‘g‘ri baholagan. «U armiyasi kuchli, Xitoy yuz foiz qo‘llab-quvvatlaydi, Ukraina kuchsiz, G‘arb bo‘linib ketadi, deb hisoblagan. U qattiq yanglishdi, - deb yozadi ekspertlar. - Endi uning yagona umidi – qat’iyati raqiblaridan kuchliroq bo‘lishi, shunda u vayronagarchilik urushida g‘alaba qozonishi mumkin. Biz uning noto‘g‘ri fikrda ekanligini yana bir bor isbotlashimiz kerak!»

«Biz Ukrainaga yordam berish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak», deb ta’kidlaydi maqola mualliflari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar koalitsiyasi «ta’sirli qadamlar qo‘ydi, ammo hozir o‘zini xotirjam tutish vaqti emas». «Biz Ukrainani Rossiyaning agressiv urushini qaytarish uchun zarur bo‘lgan qurol va o‘q-dorilar bilan ta’minlashimiz kerak», — deyiladi matnda.

Mavzuga oid