Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bryussel Ukrainadan import bilan bog‘liq muammoga yechim taqdim etdi
Yevrokomissiya rahbari bozorlari Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari oqimidan zarar ko‘rgan Yevropa Ittifoqining beshta davlatiga 100 million yevro miqdoridagi yangi moliyaviy yordam va boshqa yechimlarni taklif qildi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Slovakiya va Vengriya hukumatlariga Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan bog‘liq mavjud vaziyatdan chiqish yo‘li bo‘yicha takliflar berdi. Bu haqda Yevrokomissiya rasmiy vakili Dana Spinant 19 aprel, chorshanba kuni Bryusseldagi brifingda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, fon der Lyayyen o‘z murojaatida mamlakatlarning Yevropa Ittifoqi bozorlariga ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi ko‘payishidan qo‘rqishidan xabardor ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, yagona bozor va Yevropa Ittifoqi bojxona ittifoqini hisobga olgan holda, bu muammolarni hal qilish uchun umumevropa yondashuvi zarur.
Yevrokomissiyaning taklifi uch qismdan iborat. Birinchisi, besh mamlakatdagi fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million yevro miqdoridagi yangi moliyaviy yordam paketi. Ikkinchisi, don, bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar uchun Yevropa Ittifoqi savdo qoidalariga muvofiq preventiv choralar. Uchinchisi, Yevropa komissiyasining Ukrainadan Yevropa Ittifoqi bozoriga kiradigan boshqa mahsulotlarga nisbatan surishtiruv.
«Bir tomondan, biz Ukraina eksporti, shu jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashga intilamiz, chunki bu Ukraina iqtisodiyoti uchun hayot yo‘li, biz ushbu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun zarur bo‘lgan jahon bozorlariga olib chiqishga intilamiz. Boshqa tomondan, biz fermerlarimizni qo‘llab-quvvatlashga to‘liq sodiqmiz», dedi Dana Spinant.
Bozorning Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘lib ketganligi sababli, Polsha, Vengriya, Slovakiya va Bolgariya bir tomonlama ravishda uni import qilishni taqiqladi. Bryusselning ta’kidlashicha, savdo qoidalari Yevropa Ittifoqi vakolatiga kiradi va birgalikda yechim topishni talab qilmoqda.