Jahon | 09:16 / 27.04.2023
4875
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova MDH doirasidagi kelishuvlarning bir qismidan voz kechadi

MDH doirasida imzolangan kelishuvlarni tahlil qilib, Kishinyov ularning bir qismidan voz kechadi, dedi Mayya Sandu.

Foto: AP

Moldova hukumati Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) doirasida imzolangan kelishuvlarni tahlil qilmoqda, shundan so‘ng ular ba’zi hujjatlardan chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi, dedi 26 aprel, chorshanba kuni prezident Mayya Sandu Jurnal TV'ga bergan intervyusida.

O‘tgan 30 yil ichida “yuzlab” kelishuvlar imzolangan, dedi Sandu. “Hujjatlar har yili imzolanar edi, ularning ko‘pchiligi kerak bo‘lmagan. Hozir bularning barchasi tahlil qilinmoqda”, dedi u.

Shu bilan birga, prezident Moldovaning strategik vazifasi Yevropa integratsiyasi ekanligini eslatdi. “Men Moldova shu o‘n yillikning oxirigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkinligiga qat’iy ishonaman”, dedi Sandu.

Avvalroq tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri Niku Popesku Moldova hukumati MDH doirasida imzolangan kelishuvlarni denonsatsiya qilish jarayonini boshlaganini ma’lum qilgandi. Ayni paytda Hamdo‘stlikda qolishning maqsadga muvofiqligi masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Kishinyov Rossiyaning respublikadagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlaridan xavotirda. Moskva bu ayblovlarni rad etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid