O‘zbekiston | 12:30 / 15.05.2023
9000
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston inson huquqlari yo‘nalishida BMTni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 ming dollar ajratadi

O‘zbekiston 2023 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi asosiy maqsadlarini amalda ro‘yobga chiqarishda BMTni qo‘llab-quvvatlash maqsadida – Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi maxsus jamg‘armasiga ixtiyoriy badal sifatida 100 ming dollar mablag‘ ajratadi.

Foto: AP

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligini nishonlashga doir farmon imzoladi. Farmonda 2023 yildan boshlab har yili 1-10 dekabr kunlari O‘zbekistonda “Inson huquqlari” o‘n kunligini e’lon qilish hamda barcha ta’lim muassasalarida Deklaratsiya qabul qilingan kunga bag‘ishlangan dars o‘tkazishga doir topshiriqlar ham berilgan.

Ma’lumot uchun, 1948 yil 10 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. BMTga a’zo barcha mamlakatlarga majburiy emas, balki tavsiya mazmuniga ega bo‘lgan mazkur Deklaratsiya Yer sayyorasida yashayotgan insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarini ochiqlaydi. 30 moddadan iborat Deklaratsiya Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ushbu xalqaro hujjat – O‘zbekiston qo‘shilgan ilk xalqaro hujjatlardan hisoblanadi. Deklaratsiyaning negizida xalqaro majburiy bo‘lgan ikkita hujjat qabul qilingan: Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt. O‘zbekiston mazkur hujjatlarga 1995 yilda qo‘shilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid