Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
SIPRI: Ukrainadagi urush tinchlikparvarlik missiyalariga xalaqit bermoqda
Rossiya va G‘arb o‘rtasida ziddiyat kuchayib borayotgani sababli xalqaro tinchlikparvar missiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish tobora qiyinlashmoqda.
29 may, dushanba kuni e’lon qilingan Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi keskinlik xalqaro tinchlikparvar missiyalarga ta’sir ko‘rsatdi. SIPRI tadqiqotchisi Klaudiya Pfayfer Kruz aytishicha, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Ukrainadagi kuzatuvchilari missiyasi tugatilishi keskinlik kuchayishining “eng yaqqol va bevosita natijasi” bo‘ldi.
2014 yilda Ukrainadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni kuzatish uchun tashkil etilgan missiya, u tugallangan vaqtda, Kruzning so‘zlariga ko‘ra, “dunyodagi eng yirik qurolsiz fuqarolik missiyasi” edi. Rossiya uning ishini 2022 yilda uzaytirishga veto qo‘ydi. YeXHTning Ukrainadagi missiyasi o‘tgan yili yangilanmagan yagona missiya bo‘lsa-da, geosiyosiy taranglik boshqa joylarda, xususan, BMT Xavfsizlik kengashida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
SIPRI hisobotida aytilishicha, Ukrainadagi urush tufayli u yerdagi muzokaralar “juda qiyinlashdi”. Xitoy va Rossiya Xavfsizlik kengashidagi veto huquqidan foydalanmagan bo‘lsalar-da, Markaziy Afrika Respublikasidagi Minusca va Malidagi Minusma tinchlikparvar missiyalari kabi bir qancha mandatlar bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolishdi.
Bahs mavzusi "Vagner" XHK faoliyati edi. Inson huquqlarini buzganlikda ayblangan rossiyalik askarlar 2022 yilda Afrikaning ushbu davlatlarida bo‘lgan. U yerda tinchlikparvar missiyalarni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida Rossiya Xavfsizlik kengashida askarlardan foydalanishni qoralashga qarshi chiqdi.