O‘zbekiston | 21:30 / 01.06.2023
30682
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori tayinlandi

Mansurbek Polvonzoda Olloyorov O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.

Mansurbek Olloyorov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Bunga qadar u Prezident administratsiyasida Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti rahbarining o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan.

Bu agentlik ochilishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan so‘zlagan nutqida e’lon qilgandi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi hozirda 6 ta vazirlikda (kambag‘allik, sog‘liqni saqlash, maktab ta’limi, moliya, ichki ishlar, oliy ta’lim) tarqoq bo‘lgan ijtimoiy xizmatlarni birlashtiradi.

“Yangi agentlik uchun kamida 10 foiz xodimlar nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida ishga olinadi. Ijtimoiy himoyaga ajratiladigan barcha mablag‘lar agentlik huzurida tashkil etiladigan alohida jamg‘arma orqali manzilli yo‘naltiriladi va uning xarajatlari ochiq-oshkora bo‘ladi. Agentlik jamoatchilik bilan yaqin muloqot o‘rnatib, ular bilan bamaslahat ish yuritadi”, – degandi davlat rahbari.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya sohasida professional faoliyat yurituvchi alohida organga ehtiyoj borligini faollar anchadan buyon targ‘ib qilib kelayotgan edi. Shunday bo‘lsa-da, 2023 yil boshidagi ma’muriy islohot doirasida bunday organ tashkil etilmay qolgandi.

Mavzuga oid