O‘zbekiston | 20:42 / 15.06.2023
35214
7 daqiqa o‘qiladi

Oldingi boshqaruvga siyosiy baho berilishi kerak. Nega?

Birinchi ma’muriyat davridagi qattiq avtoritarizm inersiyasidan uzilib, yangi siyosiy makonga ko‘chib o‘tishimiz uchun u davrdagi xatolar to‘xtovsiz eslatib turilishi lozim. Toki yangi siyosiy madaniyatda nima mumkin va nima mumkin emasligi haqida hammada aniq tasavvur shakllansin.

Shu kunlarda, jamoatchilik diqqat markazidagi mavzulardan biri – bu Karimovlar oilasidagi sudlashuv jarayonining boshlanishi. Islom Karimovning birinchi nikohidan bo‘lgan o‘g‘li Pyotr Karimov uning ikkinchi rafiqasi Tatyana Karimovani sudga bergan. Da’vo sababi – mol-mulk, meros masalalari.

Shu fonda, Karimov siyosiy merosini yana bir tahlil qilish, uning boshqaruv tizimiga siyosiy baho masalasida fikr yuritish foydadan xoli bo‘lmaydi.

2016 yilga qadar, O‘zbekiston o‘ta og‘ir davrni boshidan kechirdi. Bu og‘ir davrni nafaqat oddiy xalq, balki bugungi mulozimlar, davlat arboblari ham esidan chiqargani yo‘q.

2016 yilda hokimiyat o‘zgargach, birinchi ma’muriyat siyosiy boshqaruviga juz’iy, vaziyatdan kelib chiqib, situativ baho berildi. Lekin, birinchi ma’muriyatning boshqaruviga tarixiy-siyosiy, konseptual baho berish haliga qadar amalga oshirilmadi.

Qolaversa, shu paytga qadar berilgan baholar ham, ancha ziddiyatli. Xo‘sh, bu ziddiyat, nimadan iborat?

Birinchidan, Karimov siyosiy tizimi yaroqsiz ekani tan olindi, u repressiv, qattiq avtoritar, noratsional, ya’ni aql-idrokni inkor etish darajasida berahm va behikmat, o‘ta konservativ, o‘ta markazlashgan, o‘ta yakka shaxslashgan, tashqi dunyodan uzilgan, qo‘shni davlatlar bilan ham arazlashgan yoki sovuq aloqalar ustuvor, deya e’tirof etildi.

Bu davrda, qora ro‘yxatlar, ommaviy ta’qiblar, “stolbani ham qamash” – oddiy urf bo‘lgani, davlat xalqni qo‘rqitish mashinasi ekani, insonlar elementar muammolarni ham ochiq aytish imkoniyatiga ega emasligi, ko‘pchilikning esida bor.

Ikkinchi tomondan, aynan Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston davlatchiligining asoschisi, birinchi prezidenti, yangi davlatchilik me’mori sifatida hurmat-ehtirom ko‘rsatilishi kerakligi bildirildi.

Jumladan, Karimovni Fransiyadagi Sharl De Gollga, AQShdagi Jorj Vashingtonga qiyoslash hollari ham kuzatildi.

Ya’ni Karimov siyosiy boshqaruv va merosi haqida gap ketganda, u davrdagi xato va kamchiliklarni aytish, uning nomini tilga olmasdan amalga oshirildi. Shuningdek, Karimovning nomi tilga olingan holatlarda, davlat darajasida, unga mo‘’tadil yoki yuqoriroq hurmat bildirish – davlatning asosiy yondashuvi ekani kuzatildi.

Natijada, bugungi siyosiy tafakkurda, siyosiy madaniyatda, ma’lum ziddiyatlar yig‘ilib qolmoqda.

Tabiiyki, hech bir demokratik davlat o‘zining samarali ishlovchi demokratik institutlarini tezda shakllantira olmagan. Misol uchun, 20-asrning o‘rtalaridagi Angliya, Fransiya yoki AQSh bugungi davrga nisbatan avtoritarroq yoki yakka shaxsning roli yuqoriroq bo‘lgan. Jumladan, Ruzveltni, Cherchilni yeki De Gollni tiyib turuvchi institutlar, shaxslar va siyosiy elitaning salohiyati nisbatan past bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, har qanday demokratiyaning shunday rivojlanish pallasi bo‘ladiki, endi o‘sib, shakllanib kelayotgan demokratik institutlarda shaxslarning o‘rni ancha yuqori bo‘ladi va bu xarizmali shaxslarni tiyib turish mexanizmlari kuchsiz bo‘ladi.

O‘zbekiston ham demokratik, huquqiy davlatchilik yo‘lidan og‘ishmasligi, yaqin o‘tmishdagi xatolardan to‘g‘ri xulosalar chiqarishi va ortga qaytmasligi uchun, yaqin o‘tmishga to‘liq, tizimli siyosiy baho berishi kerak. Bu baho – siyosiy konsensus yaratishi kerak. Ya’ni yaqin o‘tmishdagi qattiq avtoritarizm, diktaturaning xato va kamchiliklarini har bir davlat mulozimi, davlat xizmatchisi, jamiyat a’zolari, va ayniqsa, kuch ishlatar tizimlar xodimlari, qolaversa, butun siyosiy elita yaxshi tushunishi va davlatning trayektoriyasini belgilashda, o‘sha xavotirlar va xulosalar prizmasi orqali qarashi lozim.

Nima uchun oldingi boshqaruvga kompleks siyosiy baho berish muhim? Sababi, yaqin o‘tmishdagi O‘zbekiston davlati va xalqi uchun eng katta muammo – bu davlatning noto‘g‘ri fikrlashi va ishlashi bo‘ldi. Eng katta repressiyalarni davlatning o‘zi qildi. Xalq va odamlar uchun, eng katta tahdid manbayi davlatning o‘zi bo‘ldi. Odamlar hayotida eng avvalo davlatdan, hokimiyatdan qo‘rqib yashadi.

Siyosiy tizimlardagi eng muhim narsa – g‘oya, obraz, umumiy tasavvur. Ya’ni kelishilgan va rioya qilinadigan o‘yin qoidasi. O‘zbekiston siyosiy tizimi bugun o‘tish davrida. Qattiq avtoritarizmdan voz kechib, jamiyat islohotlarni davom ettirishi va yangi jamiyat shakllantirishi uchun, siyosiy madaniyatda nimalar mumkin va nimalar mumkin emasligi borasida, aniq tasavvurlar shakllanishi lozim.

Karimov boshqaruvi borasida jamiyatda bo‘linish, parokandalik, ziddiyatli qarashlar kuchli. Lekin siyosiy qarashlar borasida, siyosiy tizim, erkinliklar, inson huquqlari, huquqiy davlatchilik borasida, jamiyatda yaqin qarashlar bo‘lishi kerak. Shundagina, O‘zbekiston demokratik-huquqiy davlatchilik sari samarali harakat qila oladi.

Aks holda, jamiyatda va davlatda yo yoki bu muammolar bo‘lganda, inersiyadan kelib chiqib, o‘tmishga intilish va shakllangan qattiq avtoritar boshqaruv modelini “to‘g‘ri va samarali” deb bilish tabiiy holat bo‘lib qoladi.

O‘tmishdagi noto‘g‘ri boshqaruvlarga siyosiy baho berish qanday bo‘ladi? Misol uchun, ko‘plab davlatlar, diktaturalarni anglash va unga qaytmaslik uchun, katta konferensiyalar o‘tkazishgan, mutafakkirlar ko‘plab kitoblar yozishgan, OAVda shu sohadagi muammolar muttasil ko‘tarilgan, davlat va uning mulozimlari esa o‘zining qarashlarini o‘sha aytilayotgan xatolardan kelib chiqib to‘g‘rilashgan, o‘zgartirishgan, o‘zgarishgan.

O‘zbekiston ertami-kech birinchi ma’muriyatning boshqaruv modeliga tizimli, keng qamrovli, konseptual baho berishi kerak. Va bu bahodan maqsad, kimningdir nomini qoralash emas, balki yangi siyosiy tafakkur, zehniyat, ruhiyat, madaniyat shakllantirish bo‘lishi zarur.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid