Jahon | 11:05 / 17.06.2023
6730
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha parlamenti Moskva ta’siriga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni yumshatdi

Hukmron «Qonun va adolat» partiyasi nazoratidagi Polsha parlamentining quyi palatasi Rossiya ta’siriga qarshi kurash bo‘yicha komissiya tuzish haqidagi qonunni yumshatdi. O‘zgarishlar Yevropa Ittifoqi va AQShning tanqididan so‘ng amalga oshirildi.

Polsha parlamenti / Foto: AP

Hukmron «Qonun va adolat» partiyasi nazoratidagi Polsha parlamentining quyi palatasi (Seym) 16 iyun, juma kuni Rossiyaning mamlakat xavfsizligiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha komissiya tuzish haqidagi qonunning yumshatilgan variantini taqdim etdi. May oyida parlament a’zolari tomonidan ma’qullangan va Polsha prezidenti Anjyey Duda tomonidan imzolangan ushbu qonunning avvalgi tahriri Yevropa Ittifoqi va AQSh tomonidan keskin tanqid qilingan edi.

Qonunning yangi tahriri, eskisidan farqli o‘laroq, komissiya Rossiya ta’siriga tushib qolgan deb hisoblagan shaxslarni 10 yil davomida davlat xizmatidan chetlashtirishga ruxsat bermaydi. Buning o‘rniga, u shunchaki komissiya hukmi haqida ommaviy bayonot beradi va bu shaxs «jamoat manfaati uchun» harakat qilayotganiga «kafolat berilmaydi».

Kiritilgan boshqa tuzatishga ko‘ra, deputatlar komissiya a’zosi bo‘la olmaydi.

Qonunning avvalgi tahririni 29 may kuni Polsha prezidenti Anjyey Duda imzolagan. Qonun Seym tomonidan tayinlangan to‘qqiz kishidan iborat komissiya tuzishni nazarda tutadi: «2007-2022 yillardagi davlat amaldorlari va yuqori martabali rahbarlarning Rossiya ta’sirida bo‘lishi va respublikaga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan faoliyatini tekshirish uchun». Hujjat komissiyaga prokuratura va sud vakolatlarini berib, mansabdor shaxslarni, xususan, ularni 10 yilga davlat xizmatidan chetlashtirish orqali jazolash imkonini yaratadi.

Mavzuga oid