Germaniya hukumati Turkiyada taniqli siyosatçi, Istanbul meri Akrom Imomöğli va boşqa köplab turk muxolifatçilari qölga olinganini qat’iy qoraladi. Germaniya taşqi işlar vaziri Annalena Berbok buni «Turkiyadagi demokratiyaga jiddiy zarba» deb baholadi. 19 mart, çorşanba kuni Livan poytaxti Bayrutda u şunday dedi: "Biz muxolifatdagi siyosatçilar uçun joy tobora kiçrayib borayotganini aniq köryapmiz".

Berbok saylangan vakillarning huquqlarini hurmat qiliş «huquqiy davlat faoliyatining markaziy şarti» ekanligini ta’kidladi.

Germaniya Taşqi işlar vazirligi rasmiy vakili Imomöğlining qölga olinişini siyosatçiga nisbatan kuçaygan huquqiy tazyiqlar qatoridan biri deb atadi va Anqara Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod ekani, şuningdek, Yevropa Kengaşi a’zosi sifatida demokratiya va qonun ustuvorligining asosiy tamoyillariga amal qiliş majburiyatini olganini eslatdi.

Yevropa Ittifoqi Anqarani qonuniy me’yorlarga rioya qilişga çaqirdi 

Istanbul meri Akrom Imomöğlining qölga olinişi va yil boşidan beri amaldorlar, faollar, fuqarolik jamiyati va biznes vakillari va jurnalistlarning ta’qib qilinişi Turkiyaning özining uzoq yillik demokratik an’analariga sodiqligi haqida savollar tuğdirmoqda, dedi Yevropa Ittifoqining taşqi işlar böyiça oliy vakili Kaya Kallas.

Bryussel Turkiya hukumatini töliq şaffoflikni ta’minlaşga va barça qonuniy tartiblarga rioya qilişga çaqirdi. Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat va Yevropa Kengaşining uzoq yillik a’zosi sifatida Turkiya eng yuqori demokratik standartlarni qöllaşga majbur, deyiladi bayonotda.