Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shtaynmayyer Qozog‘istondagi «O‘rta yo‘lak» loyihasini qo‘llab-quvvatladi
Frank-Valter Shtaynmayyerning ta’kidlashicha, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi savdo aloqalari uchun «O‘rta yo‘lak» loyihasi Rossiya va Belarus orqali o‘tadigan shimoliy yo‘lga va Eron orqali o‘tadigan janubiy yo‘lga muqobil bo‘lishi kerak».
Qozog‘istonga ikki kunlik davlat tashrifini yakunlagan Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer «O‘rta yo‘lak» (Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, TXTY) deb ataluvchi yo‘nalishni qo‘llab-quvvatladi. Germaniya davlati rahbari uning ahamiyati haqida 21 iyun, chorshanba kuni Kaspiy dengizidagi Qurik parom portiga tashrifi chog‘ida gapirdi.
Ishlab chiqarish quvvati yiliga 6 million tonna yuk bo‘lgan portni Shtaynmayyer «kichik, ammo nafaqat mahalliy aholi, balki Qozog‘iston va Germaniya, to‘g‘rirog‘i, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aloqalar uchun muhim» deb atadi. «Ukrainadagi urush natijasida yuz bergan geosiyosiy o‘zgarishlar Sharq va G‘arb, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zgartirishni talab qiladi. Agar biz xavfsizlik nuqtayi nazaridan yuk tashish uchun ishonchli shart-sharoitga ega bo‘lishni istasak, uzoq muddatda «O‘rta yo‘lak»ni kengaytirishimiz zarur», – deya ta’kidladi Germaniya prezidenti. Unga ko‘ra, TXTY «Rossiya va Belarus orqali o‘tadigan shimoliy yo‘lga va Eron orqali o‘tadigan janubiy yo‘lga muqobil bo‘lishi kerak»
Tashrifning ikkinchi kunida gap faqat yuk tashish haqida ketmadi. Federal prezident ta’kidlaganidek, «Qozog‘iston dunyodagi eng istiqbolli shamol zonalaridan birida joylashgan, shuning uchun birinchi sinov burg‘ilash jarayonini kuzatganimizdan juda xursandman, buning natijasida dunyodagi eng yirik shamol stansiyalaridan biri Qozog‘istonda paydo bo‘ladi». Qozog‘istonning ushbu maqsadlar uchun ajratilgan hududi Brandenburg federal yeriga teng. Bu yerda juda katta miqdorda, taxminan 20 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan, bu taxminan 15-20 atom elektr stansiyasiga teng. «Bu elektr energiyasini «yashil» vodorod ishlab chiqarish uchun ham ishlatish kerak, keyinchalik u Yevropa sanoatida qo‘llaniladi. Bir so‘z bilan aytganda, gap 2032-2035 yillarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ulkan loyiha haqida ketmoqda», - dedi Shtaynmayyer.
Aqtauda federal prezident yangi Barqaror rivojlanish institutiga tamal toshini qo‘yishda ishtirok etdi. Uning ishi Germaniya va Qozog‘iston kompaniyalariga ham foyda keltiradi, dedi u. Shtaynmayyerning so‘zlariga ko‘ra, har ikki davlat ham kelajak texnologiyalari sohasida mutaxassislarga muhtoj. «Ularning kasbiy kelajagi porloq», dedi u. Boshqa narsalar qatorida, Shtaynmayyer yana Rossiyani chetlab o‘tadigan «O‘rta yo‘lak» mavzusiga qaytdi. «Ushbu «O‘rta yo‘lak» loyihasi muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun bizga yaxshi tayyorlangan mutaxassislar kerak, – dedi Germaniya prezidenti.
Shtaynmayyer Germaniya-Qozog‘iston universiteti va Aqtau shahridagi Sh.Yesenov nomidagi Kaspiy davlat texnologiya va injiniring universiteti tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yangi institut siyosiy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Bu Germaniya va Qozog‘iston o‘rtasidagi kelajakdagi hamkorlik uchun namunaviy loyiha, deb hisoblaydi Germaniya prezidenti.
Mavzuga oid
17:43 / 19.06.2026
MDH harbiy shtab boshliqlari Ostonada uchrashdi
18:47 / 18.06.2026
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda eng ko‘p ichadigan davlat bo‘lib chiqdi - tadqiqot
13:31 / 17.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vazirini qabul qildi
18:47 / 14.06.2026