Jahon | 20:02 / 26.06.2023
10159
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tinchliksevar mamlakatlar reytingida 87-o‘rinni egalladi 

Reyting uchta mezon - ijtimoiy xavfsizlik, ichki va xalqaro mojarolar ko‘lami, qurollanish darajasi bo‘yicha tuzilgan. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Global tinchlik indeksiga (Global Peace Index) ko‘ra, so‘nggi 15 yil ichida tinchliksevarlik indeksi 3 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Eski va yangi mojarolar, pandemiya, siyosiy va madaniy qutblanish bunga asosiy sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Qayd qilinishicha, tinchliksevar jamiyatlarda daromadlar yuqori darajada o‘sadi, valuta kuchliroq bo‘ladi va ko‘proq xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi, bunda siyosiy barqarorlik va fuqarolarning baxtiyorlik tuyg‘usi kuchayadi. 

Zo‘ravonlikning iqtisodiy ta’sirini hisoblash mumkin: xarid qobiliyati pariteti (XQP) bo‘yicha 16,5 trillion dollar yoki jami global yalpi ichki mahsulotning 10,9 foizi - sayyoradagi har bir odam uchun 2117 dollarni tashkil qiladi. 

Bu ma’lumotlar 2022 yilgi Global tinchlik indeksi bo‘yicha e’lon qilingan xulosalarda aks etgan. U Iqtisodiyot va tinchlik instituti (IEP) xalqaro tahliliy markazi tomonidan tuzilgan bo‘lib, dunyo aholisining 99,7 foizi istiqomat qiluvchi 163 mustaqil davlat va hududlarni qamrab oladi. Reytingda uchta mezon (ijtimoiy xavfsizlik, ichki va xalqaro mojarolar ko‘lami, qurollanish darajasi) bo‘yicha guruhlangan 23 ta ko‘rsatkichga asoslangan. 

So‘nggi 15 yil ichida Global tinchlik indeksining o‘rtacha ko‘rsatkichi 3,2 foizga pasaygan. Bu unchalik ko‘p emasdek tuyuladi. Biroq, shu davr ichida dunyoda qochqinlar va ichki ko‘chirilganlar soni keskin oshib, 100 millionga yetgan. Bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 

Global Peace Index reytingiga ko‘ra, Islandiya, Yangi Zelandiya va Irlandiya dunyoning eng tinchliksevar mamlakatlari hisoblanadi. Yuqori o‘ntalikdan Daniya, Avstriya, Portugaliya, Sloveniya, Chexiya, Singapur va Yaponiya ham joy olgan. 

2021 yil bilan taqqoslaganda O‘zbekiston ushbu reytingda bir pog‘ona pastlab, 87-o‘rinda qayd etilgan. (2020 yilda 103-o‘rin, 2019 yilda 102-o‘rin, 2018 yilda 104-o‘rin). 

Taqqoslash uchun Qirg‘iziston 91-, Tojikiston 92-, Qozog‘iston 97-, Turkmaniston 103-o‘rinda qayd etilgan. Afg‘oniston 163 mamlakat orasida so‘nggi o‘rinni egalladi. Eng quyi pog‘onalarda – Janubiy Sudan, Rossiya, Suriya va Yaman.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid