Jahon | 21:20 / 03.07.2023
21433
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya NATO oldiga qo‘ygan radikal talabidan voz kechdi 

Rossiya Ukraina bosqinidan oldin NATO alyansi oldiga «1997 yilgi chegaralarga daf bo‘lish» talabini qo‘ygan edi. Endi bunday talab yo‘q. 

Foto: Reuters

Ukraina bilan urush davom etar ekan, uning asl maqsadlari amalga oshmay qolayotgani va mag‘lubiyat ehtimoli tobora kuchayib borayotgani sababli, Rossiya oliy rahbariyati 2022 yil 24 fevraldagi bosqin boshlanishidan bir necha hafta oldin NATO alyansi oldiga qo‘ygan «ultimatum»dan voz kechmoqda. Bu haqda The Moscow Times yozdi. 

Blokning harbiy infratuzilmasini 1997 yil chegaralariga qaytarish, alyansning 14 ta davlatidagi bazalarni de-fakto yo‘q qilish talabi endi Moskvaning G‘arb bilan muzokaralar uchun shartlari ro‘yxatiga kirmaydi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik Kengashi Dmitriy Medvedevning «Rossiyskaya gazeta»da nashr etilgan maqolasida aytiladi. 

«Biz hech qachon NATOni tiyib turishga harakat qilmaganmiz. Finlandiyaning alyansga kirishi, shuningdek, Shvetsiyaning ehtimoliy a’zoligi Rossiya uchun mag‘lubiyat emas, chunki bu ikki davlat «allaqachon NATO bilan bog‘langan edi», dedi Medvedev.

«Biz doim bir narsani so‘raganmiz – o‘z xavotirlarimizni inobatga olish va mamlakatimizning sobiq qismlarini NATOga taklif qilmaslik. Ayniqsa, biz bilan hududiy nizolari bor mamlakatlarni. Shuning uchun maqsadimiz oddiy – Ukrainaning NATO a’zosi bo‘lish xavfini bartaraf etish». 

Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosarining ishontirishicha, Rossiya bu maqsadiga «u yoki bu yo‘l bilan erishadi» va uning xalqaro izolyatsiyasi – sarob. «Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi bilan siyosiy aloqalar eng faol tarzda rivojlanmoqda», deb yozdi Medvedev va Rossiya bozorini boy bergan G‘arb kompaniyalari «tirsagini tishlayotganini» va «zararlarini hisoblayotganini» ta’kidladi. 

1997 yildan 2020 yilgacha blokni kengaytirishning beshta to‘lqinini amalda bekor qilishni anglatuvchi NATO alyansiga qo‘yilgan radikal talab birinchi marta Rossiya tomonidan AQSh bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitim loyihasida tilga olindi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi buni 2021 yil dekabr oyi oxirida e’lon qildi. Shundan so‘ng 2022 yil yanvarida bu boradagi bir necha muzokaralar samarasiz yakunlandi. 

«NATO ashqol-dashqollarini yig‘ib, 1997 yil chegaralariga qaytishi kerak», deb talab qildi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov muzokaralar boshlanishidan oldin. 

Buning o‘rniga NATO Finlandiya hisobiga Rossiya bilan chegara uzunligini ikki baravarga - 1,3 ming km ga oshirdi. Blok tarkibiga Yevropadagi eng jangovar armiyalardan biri, artilleriya qurollari soni bo‘yicha eng kattasi (1,5 ming) kirdi. 1999 yildan beri NATO a’zosi bo‘lgan Polsha Qo‘shma Shtatlardan o‘z hududida yadro qurolini joylashtirishni so‘radi, shuningdek, AQSh raketaga va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini 15 milliard dollarga sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. 

Rossiya go‘yoki NATO kengayishiga hech qachon e’tiroz bildirmagan, faqat sobiq SSSR respublikalarining qabul qilinishiga qarshi bo‘lganini da’vo qilgan Medvedev uzumga yetolmasligini anglab, xuddi o‘zini buni istamagandek ko‘rsatishga uringan tulkiga o‘xshatiladi, deb yozdi rossiyalik siyosatshunos Abbos Gallyamov. 

Bularning barchasi Rossiyadagi rasmiylar o‘z tarafdorlari ko‘z o‘ngida mag‘lub bo‘lib ko‘rinishdan eng ko‘p qo‘rqishini tasdiqlaydi - aynan mag‘lubiyat avtokratiyani maksimal darajada noqonuniylashtiradi, deb davom etdi ekspert: «Ular endi tovada qovurilayotgan ilondek tovlanishadi va vaziyatni xuddi o‘zlari erishmoqchi bo‘lgan narsadek tasvirlaydi». 

Mavzuga oid