Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoq assambleyasida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Rossiya federal majlisi federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenkoni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Parlamentlararo aloqalar samarali bo‘layotgani yuksak baholangan.

«Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy sheriklik sur’atini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalari va gumanitar almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev shu kuni yana o‘ndan ortiq mamlakat delegatsiyalarini, xususan Ozarboyjon Milliy majlisi raisi Sohiba Gafarovani ham qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy hamkorlik yili doirasida birgalikda samarali ishlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgan. Madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish va bo‘lajak oliy darajadagi sammitlar uchun yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida parlamentlar o‘rtasida yaqin amaliy hamkorlikni va faol almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Belarus Milliy majlisi respublika kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv avvalida delegatsiya rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Aleksandr Lukashenkoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.