O‘zgidromet 8–9 aprel kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchilik sabab 8 ta viloyatda sel xavfi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, quyidagi hududlarda sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin:
- Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobod tumanlarida;
- Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
- Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
- Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
- Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
- Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
- Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 8 aprel kunning ikkinchi yarmida Turkmanistondan Murg‘ob siklonininng avvaliga janubiy viloyatlar, vohaga kirib kelishi kuzatiladi. Bu holat kuchli jala, yomg‘ir, chaqmoq va momaqaldiroqli ob-havo fonida yuz berishi sababli aynan mana shu hududlarda qisqa vaqt oralig‘ida intensiv yog‘ingarchilik kuzatilishi ehtimoli yuqori.
“Haroratning ko‘tarilishi ortidan yuzaga kelayotgan nam havo oqimlari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari tog‘ etaklarida sel-suv toshqini xavfi boshqa hududlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, – deydi u.
Uning ta’kidlashicha, 4-7 aprel kunlari uchun O‘zgidromet bergan prognozlarda ko‘plab hududlarda sel va suv toshqinlarini kuzatilishi kutilgandi, ammo bu ro‘y bermadi. Shu bois, xavf ehtimoli yuqori bo‘lgan manzillarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.














