Faollar prezident maktablariga kirish imtihonlari adolatli o‘tganiga shubha qilmoqda
Birinchi smenada tushgan bir qator testlar tarqalib ketishi ortidan ular qolgan o‘quvchilarga yodlatilgani va o‘sha savollar ikkinchi smenada ham takrorlangani aytilmoqda. Mas’ul agentlik buni rad etdi. Faollar agentlikdan isbot taqdim etishni, boshqa mas’ullardan esa mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qilmoqda.

Foto: Kun.uz
15 iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab prezident maktablariga qabul imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu bosqich matematika bo‘yicha 30 ta test topshirig‘idan iborat.
Imtihonlar kun davomida uchta smenada – 08:00, 12:00 va 17:00 da tashkil etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda, 1-smenada foydalanilgan test topshiriqlari 2-smenada ham aynan takrorlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Ta’lim eksperti Komil Jalilovning yozishicha, testlarning takrorlangani natijasida o‘quvchilarni prezident maktablariga tayyorlash bilan shug‘ullanadigan markazlar 1-smenadan chiqqan o‘quvchilardan testlar haqidagi ma’lumotlarni yig‘ib olib, 2-smenada kiradigan o‘quvchilariga yodlatgani iddao qilinmoqda.
15 iyul kuni tush vaqtidan boshlab ayrim Telegram-kanallarda shu kungi 1-smena imtihonida tushgani aytilgan testlar tarqaldi. Komil Jalilov rasmiylardan bu iddaolarga aniqlik kiritishni so‘radi.


Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi internetdagi bu gap-so‘zlarni rad etdi.
“Turli ijtimoiy tarmoqlarning “1-smena savollari 2- va 3-smenada ham takrorlangan” deya xavotir bilan bildirayotgan fikr-mulohazalari asossiz.
Hurmatli ota-onalar, shuni ma’lum qilamizki, barcha imtihon savollari har yilgidek Cambridge Assesment International Education xalqaro tashkiloti tomonidan O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida qo‘llanadigan o‘quv dasturlari asosida tayyorlandi.
Talabgorlar sonidan kelib chiqib mazkur birinchi bosqich imtihonlari 3 smenada 3 xil variantda tashkil qilingan. Cambridge Assesment International Education xalqaro tashkiloti har yili imtihon savollarini zaxirasi bilan taqdim etadi.
Agar talabgorlar soni bundan ham ko‘p bo‘lib, yanada ko‘proq smenada tashkil qilinganida ham, shuncha smenaga mos har xil variantlar taqdim etilgan bo‘lardi. Bir smenada berilgan savollar keyingi smenalarda aynan qo‘llanmaydi”, – deyiladi rasmiy izohda.
“Mustaqil tekshiruv kerak”
Iqtisodchi Otabek Bakirov imtihonlar jarayonini chetdan turib kuzatgani, savollar takrorlangani haqidagi xabarlardan ota sifatida tashvishda ekanini ta’kidladi. U agentlik bayonotini rad etib, birinchi smenada berilgan savollar ikkinchi smenada ham takrorlangani bo‘yicha uchta misol keltirdi:

“Kim yolg‘on gapirayotganini va nima uchunligini o‘rganish qiyin emas. Mustaqil tekshiruv yoki huquqni muhofaza qiluvchilarning o‘rganishlari kifoya qiladi”, – deydi iqtisodchi.
Bakirov iqtidorli bolalarning shu yoshidayoq adolatsizlikni o‘z boshidan o‘tkazishi qanday oqibatlar yaratishidan xavotir bildirdi.
“Birinchi smenadagi testlarning uch soatdan keyin boshlangan ikkinchi smenada ham ishlatilgani nafaqat imtihon reputatsiyasiga, shaffoflik va adolat prinsiplariga soya soladi, balki o‘n minglab ota-onalarda qonunchilik normalari buzilishi va korrupsion lazeykalardan foydalanish yuz bergan bo‘lishiga oid shubhalar yaratadi”, – deya yozdi jamoatchilik faoli.
Agentlikdan o‘z bayonotini isbotlash so‘raldi
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligidan testlarning validligi bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlashni so‘ramoqda.
“Tabiiyki, barcha test materiallari agentlik ixtiyorida bo‘lgan sharoitda agentlik bayonotini mustaqil tasdiqlash yoki rad qilish ancha qiyin bo‘ladi. Lekin oldinroq qo‘yilgan 2-3 savollarga javobni bayonotda ko‘rmadim: 1-2-smenalarda test topshirganlarning ballari taqsimoti, o‘rtacha ballari, moda va medianalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan test topshiriqlariga berilgan to‘g‘ri javoblar ko‘rsatkichi ochiqlanmagan (qaytaraman, bunday ma’lumotlar sir hisoblanmaydi, test natijalarining validligini isbotlash maqsadida ular ochiqlanadi – bunday ma’lumotlardan test topshiruvchilarning shaxsini aniqlash mumkin emas).
Bunday statistik ma’lumotlar ochiqlansa, ular asosida ham agentlik bayonotining to‘g‘riligi (yoki aksincha, noto‘g‘riligi) haqida muayyan xulosalar chiqarish mumkin bo‘ladi. Demak, bu ma’lumotlarni kutib qolamiz”, – deydi Jalilov.
Kembrij ekspertlari bilan hamkorlik haqiqatan davom etyaptimi?
Agentlik bayonotida test topshiriqlarini Cambridge Assesment International Education tashkiloti tuzgani aytilgan. Unga ko‘ra, tomonlarning shartnomasiga asosan, tashkilot testlarni O‘zbekistondagi umumta’lim maktablaridagi o‘quv dasturlari asosida tuzgan. Natijalar hamm Kembrij mutaxassislari tomonidan baholanadi va tashkilot rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Ta’lim eksperti Komil Jalilov esa o‘z kanalida Cambridge Assesment tashkilotining kirish imtihonlari bilan shug‘ullanadigan bo‘limi – Admissions Testing tomonidan yuborilgan bir xatni keltirdi. 2023 yil 11 may sanasi qo‘yilgan xatda Cambridge Assesment bundan buyon O‘zbekistonda prezident maktablariga kirish imtihonlari jarayonida ishtirok etmasligi yozilgan. Ya’ni Cambridge Assesment tashkilotining xati va agentlik bayonoti bir-biriga zid kelmoqda.
“Bu borada Cambridge Assessment tashkilotining o‘zi ham bayonot bersa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, menimcha”, – deydi ekspert.
Ayni paytda bir necha jamoatchilik vakillari Cambridge Assessment International Education sayti orqali masalaga oydinlik kiritishni so‘rab murojaat yubormoqda.
4-sinfni tugatgan o‘quvchilarga yuqori sinflar uchun mo‘ljallangan savollar beriladi
Yuqoridagilardan tashqari, Komil Jalilov prezident maktablariga kirish testlaridagi yana ayrim jihatlarga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, testlardagi ayrim savollar sinflar kesimida olib qaraganda yuqoriroq sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan. Natijada bu topshiriqlarni repetitorga bormagan 4-sinf o‘quvchilari yecha olmaydi.
“Bu muammo anchadan beri yechilmay keladi. Konkurs kattaligi sababli, imtihon masalalari dastur doirasidan chiqib ketish hollari hali ham uchrab turibdi. Tuziladigan masalalar dastur doirasida chuqurlashish o‘rniga, dastur doirasidan chiqish, ya’ni kengayish asosida tanlanmoqda. Bu holat o‘quvchilarning keyingi sinflarda o‘qishiga ham ta’sir qilishi mumkin.
4-sinf o‘quvchisi bu (imtihonga kiritilgan bunday masalalarni yechish uchun kerakli tushunchalarni) "hazm" qila olmaydi. Repetitorlikning yomon tomoni shundaki, bola shunchaki algoritmni bajarishga o‘rgatiladi. "Nega?" degan savolga javob berilmaydi, ya’ni bola tushunmay amalni bajaradi. Bunday yodlashga qurilgan bilim bu – matematika degani emas. Repetitorda shug‘ullangan bolaning bilim va ko‘nikmalari shu bois mustahkam bo‘lmaydi. Vaqt o‘tishi bilan ular unutiladi. Haqiqiy matematik bilim va ko‘nikma bu – tushunish, mulohaza yuritish, tanqidiy va ijodiy fikrlashga qurilishi lozim”, – deya so‘zini yakunlaydi Jalilov.
Eslatib o‘tamiz, 15 iyul sanasida prezident ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib, unda saralangan 480 nafar o‘quvchi keyingi, bir smenali yakuniy imtihonda ishtirok etadi.
Tavsiya etamiz
Bojlarni muzlatgan Tramp, urushdan sillasi qurigan Sudan – hafta dayjesti
Jahon | 12:50 / 13.04.2025
Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?
O‘zbekiston | 10:00 / 12.04.2025
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi
O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2025
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
YeOII Markaziy Osiyo integratsiyasiga monelik qiluvchi omil bo‘lishi mumkin - Farhod Tolipov
O‘zbekiston | 19:45
-
Andijonda Bobur shahri paydo bo‘ladi
O‘zbekiston | 19:42
-
AQSh Rossiyaning Sumiga zarbasini qoralovchi G7 rezolyutsiyasini blokladi
Jahon | 19:41
-
Rossiyada «Ko‘k kit» o‘yini asoschisi 9 yilga qamaldi
Jahon | 19:39
Mavzuga oid

20:06 / 14.01.2025
«Ta’lim tizimimizning yutuqlari xalqaro maydonda yana bir bor e’tirof etildi» - Saida Mirziyoyeva

18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi

07:08 / 23.07.2024
Prezident maktablarining 1-bosqich imtihon natijalari e’lon qilindi

20:42 / 27.07.2023