09:37 / 19.07.2023
4635

DXX hududlarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qator hududlarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” YPX maskanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, Farg‘ona viloyati tomon harakatlanayotgan “Jyentra” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaroning qo‘l sumkasida 981 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Boshqa holatda esa Qo‘qon shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro Toshkent shahrining Bektemir tumanida ushlanib, undan 1 kg 76 gr “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, mazkur shaxs tojikistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilib, xufiya joyga yashirib ketilgan ushbu moddani Toshkent shahriga olib ketayotgan bo‘lgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro 495 gr “gashish” moddasini 5 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi. Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan mazkur narkotikning haqiqiy egasi – Farg‘ona tumanida yashovchi boshqa shaxs ekanligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Chust tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, Namangan shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Jiguli” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Avtomashina salonida bo‘lgan Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan ayolning qo‘l sumkasida 305 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi. Avtomashinada Namangan shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro ham borligi ma’lum bo‘ldi. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu 3 nafar fuqaro Tojikistondan keltirilgan narkotik moddani Qo‘qon shahridan Namangan shahriga olib ketayotgani aniqlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top